• Sayt test rejimida ishlamoqda!
  • Sayt test rejimida ishlamoqda!
  • Sayt test rejimida ishlamoqda!

Yangiliklar

2024-03-12

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISINING FAOLIYATINI TAKOMILLASHTIRISHGA QARATILGAN O‘ZGARTIRISH VA QO‘SHIMCHALAR KIRITISH TO‘G‘RISIDA”GI (19.02.2024-Y., O‘RQ–909-SON) QONUN MAZMUN-MOHIYATI

topics-img

“Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi (19.02.2024-y., O‘RQ–909-son) Qonun mazmun-mohiyatini yoritishga qaratilgan

ANNOTATSIYA

 

Prezident tomonidan imzolangan Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

1. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, Vakil O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli ekanligi belgilandi.

2. “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to'g'risida”gi Konstitutsiyaviy Qonuniga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, Qonunchilik palatasining deputati bir vaqtning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati bo‘lishi mumkin emasligi belgilandi.

3. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra:

– Senat a’zolari (senatorlar) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda to‘rt kishidan saylanadi.

– Senatning to‘qqiz nafar a’zosi fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo'lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan Prezident tomonidan tayinlanadi.

Shuningdek, Senat va uning organlari majlislarida Markaziy bank boshqaruvi raisi ishtirok etishi mumkin.

Bundan tashqari, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Senat Raisi bo‘lishi mumkin emasligi belgilandi.

Senat Konstitutsiyaga muvofiq qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli.

Qonunchilik takliflarini tayyorlash, ko‘rib chiqish va ularni Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi Senatining Reglamentida belgilanadi.

 

4. Qonun bilan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonuniga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra:

– Qonunchilik palatasining deputati bir vaqtning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati bo‘lishi mumkin emasligi belgilandi.

 Shuningdek, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Qonunchilik palatasining Spikeri bo'lishi mumkin emasligi belgilandi.

5. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, Deputatga va senatorga 36 ish kunidan iborat haq to‘lanadigan har yilgi mehnat ta’tili beriladi ( bundan qonunchilikda ko'proq muddatli ta'til nazarda tutilgan hollar mustasno).

6. “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo'shimchaga ko'ra, inson bilan davlat organlarining ozaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.

 

Asos: O‘zbekiston Respublikasining

 O‘RQ–909-son Qonuni, 19.02.2024-y.

 

 

Sanepidqo`mita

Axborot xizmati

 @sanepidcommittee