logo

2022 yil 10 avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan “Endokrinologik kasalliklarni oldini olishda ko‘rilayotgan chor-tadbirlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mutasaddi vakillari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar endokrin kasalliklar bo‘yicha dunyodagi va O‘zbekistondagi vaziyat, yod tanqisligi bilan bog‘liq kasalliklar, endemik buqoq, Respublikada yod tanqisligi kasalliklarining oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritdilar.

Endokrin kasalliklar - bu bir yoki bir nechta endokrin bezlarining buzilishi natijasida yuzaga keladigan kasalliklar sinfidir. Ular endokrin bezlarning giperfunksiyasi, gipofunksiyasi yoki disfunksiyasiga asoslangan. So‘nggi yillarda ularning soni, ayniqsa qalqonsimon bezi kasalliklari ortib bormoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Yer yuzi bo‘yicha 665 milliondan ortiq odam endemik buqoq va qalqonsimon bezning boshqa kasalliklaridan aziyat chekmoqda. 1,5 milliard inson esa yod tanqisligi xastaliklari rivojlanish xavfiga ega. Ushbu kasalliklar orasida buqoq keyingi yillarda dunyoning aksariyat mamlakatlari, shu qatorda O‘zbekiston uchun ham dolzarb masalaga aylanib bormoqda.

Hozirga kelib, O‘zbekiston sharoitida aholisi yod tanqisligi bilan bog‘liq kasalliklarga chalinish xavfi bo‘lmagan hudud yo‘q, negaki respublikaning shu kungacha o‘rganilgan barcha hududlarida aholi rasionida yod tanqisligi mavjudligi kuzatilgan.

Akademik, Ya.X.To‘raqulov nomidagi Endokrinologiya RIIATM tomonidan respublikaning barcha hududlarida olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, fuqarolar tomonidan kunlik o‘rtacha yod iste’moli sezilarli darajada kamaygan bo‘lib, bor-yo‘g‘i 32-64 mkg ni tashkil etadi (zarur bo‘lgan minimal miqdori esa – 150-200 mkg).

JSST fikriga ko‘ra (2007) endemik buqoqning sporadik shakllari 5%ga kamayishiiga erishilsa, u holda yod tanqisligi kasalliklari to‘liq bartaraf qilingan xhisoblanadi. Hozirga kelib, respublikada yod tanqisligi holatlarining tarqalish darajasi 31 %ni tashkil etib, keyingi 20 yil mobaynida 2,5 barobardan ortiq kamayishiga erishildi.

 2021 yil oxirida RIIAETMdan bir guruh tadqiqotchilar Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari maktab o‘quvchilari o‘rtasida selektiv tadqiqot (peshob va osh tuzidagi yod miqdorini aniqlash) o‘tkazdi. Natijada, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida tadqiqot guruhining 30 %da, Namangan viloyatida esa 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 86,6 %da yod tanqisligi aniqlangan. Yodlash uchun iste’mol qilinadigan tuz namunalari tahlili shuni ko‘rsatdiki, hududlarda iste’mol qilinayotgan osh tuzining 10% dan 53,3% gachasida  osh tuzi tarkibida yod miqdori kamligi aniqlandi.

Respublika bo‘yicha bugungi kunga 102 ta yodlangan osh tuzini ishlab chiqarish va qadoqlash  korxona, syexlari faoliyat yuritib, vakolatli organni xabardor qilgan xolda o‘tkazilgan tekshirishlar davomida laboratoriya tekshiruvlari uchun olingan osh tuzi namunalaridan ular tarkibida yodlanganlik darajasi belgilangan me’yorlarga javob bermagan xolatlarda ularni qayta yodlash uchun xududiy sanepidxizmatlarining taqiqilash to‘g‘risidagi qarori bilan ularning realizasiyasi to‘xtatildi.

Jumladan Andijon viloyati, Andijon tumani, “CAMARA SALT GROUP” OKdan 4,8 tonna,  Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahar, "Marg‘ilon Elit tuz" MCHJdan 2,0 tonna, Toshkent viloyati, Zangiota tumani “Pokiza Tuz Savdo”  MCHJdan 2,0 tonna, Surxondaryo viloyati, Sherobod tumanidagi “Chorbog‘ Barakali Tuz” MCHJdan 15,5 tonna, “Ulug‘bek Jovliyev” oilaviy korxonasidan 10,0 tonna, “Emin Og‘a” xususiy korxonasidan 10,0 tonna, "Mushtariybonu Nilufar Fayz" x/k 2,0 tonna, "Oqtosh Xurshid Fayz" o/k 2,5 tonna, "Charbog‘ Sherabot tuz" MCHJ 2,6 tonna Toshkent shahar, Olmazor tumanlaridagi “TATLI TUZ” MCHJdan 2 tonna va  “EKO CRISTAL” MCHJdan 7,0 tonna, Yunusobod tumanidagi “TIGER TRADE” MCHJdan 4,1 tonna osh tuzi realizasiyasi taqiqlanib, ja’mi 70,0 tonna tuz qayta yodlash bo‘yicha korxona rahbarlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Anjumanda ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.   Sanepidxizmat

Matbuot xizmati

@sanepidxizmat