logo

Mamlakatimizda barcha sohada amalga oshirilayotgan keng koʼlamli islohotlarning mazmun-mohiyatini xalqimizga yetkazish, yurtdoshlarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirishda ommaviy axborot vositalari muhim oʼrin tutadi.

Har yili anʼanaviy tarzda respublikamizda 27 iyun – matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida keng nishonlanib kelinadi. Shu munosabat bilan joylarda tashkil etilayotgan tadbirlarda soha xodimlarining faoliyati alohida eʼtirof etilmoqda.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatida oʼtkazilgan tadbirga sohada faoliyat yuritayotgan sharafli kasb egalari – bosma, televideniye, radio va elektron ommaviy axborot vositalari xodimlari taklif qilindi.

Tadbirda soʼz olgan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʼi Bahodir Yusupaliev yigʼilganlarni bayram bilan  qutlar ekan, mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga koʼtarilayotgan, ochiqlik va oshkoralik, soʼz va fikr erkinligi hayotimiz mezoniga aylanib borayotgan hozirgi davrda ommaviy axborot vositalari vakillariga qoʼyilayotgan masʼuliyat yanada kuchayotganini taʼkidladi. Jurnalistlarning hayotning qaynoq nuqtalariga dadil kirib borishi, ayniqsa koronavirus pandemiyasi davrida oʼz sogʼligʼini xavf-xatarga qoʼyib, kasallik oʼchogʼidan lavha, intervyular tayyorlanganiga alohida toʼxtalib, kelgusidagi faoliyatlarida muvaffaqiyat tiladi.

Bayram munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda bir guruh soha xodimlari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining tashakkurnomasi va esdalik sovgʼalari bilan taqdirlandi.