• Sayt test rejimida ishlamoqda!
  • Sayt test rejimida ishlamoqda!
  • Sayt test rejimida ishlamoqda!

Yangiliklar

2024-03-01

QRIM-KONGO GEMORRAGIK ISITMA KASALLIGI BILAN KASALLANISH HOLATLARINI OLDINI OLISH MAQSADIDA AHOLI XUSHYORLIGINI OSHIRISH

topics-img

Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi haqida ma’lumot olish uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi O‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘limi bosh mutaxassisi   Klara Radjapbayeva bilan suhbatlashdik.

Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi qanday kasallik?

Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi (QKGI) kanalar orqali transmissiv yo‘l, ya’ni kana chaqishi bilan yuqadigan, tabiiy o‘choqli o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir.

   Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi insonlarning o‘tkir yuqumli kasalligi bo‘lib, odamlarga odatda kasallik qo‘zg‘atuvchisi bilan zararlangan kanalar chaqishi orqali yuqadi.

O‘zbekistonda kanalarning 100 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, kanalarni tabiatdan ajratib olishning, mutlaqo tugatishning imkoni yo‘q. Ular ozuqasiz (kesaklar, toshlar va boshqalar orasida) 10 yilgacha yashashi mumkin.

                                                                                                                             Kasallikni virus qo‘zg‘atadi. Yirik va mayda shoxli hayvonlarda uchraydigan iksod kanalari ushbu kasallik virusining saqlovchisi va tashuvchilari hisoblanadi. QKGI virusining manbalari – kemiruvchilar, yirik va mayda shoxli mollardir.

Demak, kasallikning asosiy manbai bo‘lib, QKGI bilan kasallangan odamlar, kasallik qo‘zg‘atuvchisi bilan zararlangan kanalar va hayvonlar hisoblanadi.

Qrim-Kongo  gemorragik istima (KKGI) kasalligi o‘ta xavfli o‘tkir virusli yuqumli kasallik bo‘lib, agarda bemor o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilmasa, kasallikka gumon etilib bemorga tibbiy yordam o‘z vaqtida ko‘rsatilmasa, ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Kasallik hayvonlarda ham uchraydimi?

KKGI bilan faqat odamlar kasallanadilar. Hayvonlar bu kasallik bilan kasallanmaydi. Kasallikka barcha yoshdagi odamlar birday chalinadilar, bemorlarning asosiy qismini 15 yoshdan                           60 yoshgacha bo‘lgan faol yoshdagi insonlar tashkil etadi, tajribaga ko‘ra ushbu kasallik kichik yoshdagi bolalarda ham uchrashi mumkin.

Qanday yo‘llar bilan yuqadi?

Kasallik iksod kanalarining chaqishi yoki kanalarni qo‘l bilan ezib o‘ldirish hamda qon ketishi kuzatilayotgan bemorlarga yordam ko‘rsatayotgan shaxslarga qon bilan muloqot orqali yuqish holatlari kuzatiladi.  Kichik yoshdagi bolalarda o‘rtasida esa ular ko‘y, echki, it va tipratikan bilan o‘ynash jarayonida kana chaqishi  orqali yuqadi.

 

Qaysi kasb egalarida ko‘proq uchraydi va bu kasallikka mavsumiylik xosmi?

Kasallik asosan, faoliyati cho‘l hududlari, ya’ni tabiiy o‘choqlar bilan bog‘liq bo‘lgan kasb egalarida (cho‘ponlar, ularning oila a’zolari, mol boquvchilar, ovchilar, qo‘ylar junini qirqimiga vaqtinchalik ishga jalb etilganlar) uchraydi. Gemorragik isitma mavsumiylik xususiyatiga ega bo‘lib, asosan yilning bahor va yoz fasllarida qayd etiladi. Kasallikdagi bunday mavsumiylik kanalarning faolligi bilan bevosita bog‘liq bo‘ladi.

Respublikamizning juda katta maydoni gemorragik isitma bo‘yicha tabiiy o‘choqli hududlar hisoblanadi. Ushbu kasallik virus bilan zararlangan kanalarning tarqalishiga bog‘liq bo‘lib, tabiiy o‘choqli bo‘lmagan hududlarda ham uchrashi mumkin ushbu holat asosan yirik va mayda shoxli hayvonlar migratsiyasi bilan bog‘liq.

Klinik belgilari haqida ham aytib o‘tsangiz?

Kasallikning yashirin davri o‘rtacha 2 – 3 kun davom etadi. Ba’zida bu davr bir necha soatlargacha qisqaradi yoki 14 kungacha cho‘ziladi.

Kasallik o‘tkir boshlanib, tana haroratining ko‘tarilishi                 (39-40ºS), yuz, bo‘yin, ko‘krak qismi terilarining qizarishi,badanning sovuq qotib qaltirashi, mushaklarning og‘rishi, toshma toshishi, milk, burun, oshqozon-ichaklardan qon ketishi, in’yeksiya joylarida qon quyilishlar kabi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi.

Ushbu kasallik gemorragik belgilarsiz ham kechishi mumkin. Kasallikning bu shaklida badanda toshmalar toshmaydi, qon talashlar kuzatilmaydi, kasallik asosan isitma va holsizlik alomatlari bilan kechadi. Bunday bemorlardan laboratoriya tekshiruvi uchun qon olish hamda teri butunligi buzilishi bilan kechadigan muolajalarni amalga oshirish jarayonlarida tegishli qoidalar talablariga rioya qilmaslik natijasida tibbiyot xodimlariga xam kasallik yuqishi mumkin.

 

Qrim-Kongo gemorrgik isitmasi bir necha bosqichlarda kechadi. Yashirin davri bir necha soatdan 2-7 kungacha, boshlang‘ich davri bir necha soatdan 3 kungacha. Avj olish davri 2-4 kungacha va sog‘ayish davri esa kasallikning qanchalik og‘ir kechishiga hamda asoratlariga bog‘liq bo‘lib, o‘rtacha 2-3 hafta va undan ortiq vaqt davom etadi. Kasallik klinik belgilarining bosqichlari organizmga tushgan viruslarning miqdoriga bog‘liq. Virus organizmga qanchalik ko‘p miqdorda tushsa, yashirin davri shunchalik qisqa bo‘ladi.

Kasallangandan keyin bemor ozroq vaqt (bir necha soat yoki kun) o‘tgandan so‘ng tana harorati tushadi va odam huddi sog‘aygandek tuyuladi, shu paytda bemorlarni o‘zi va tibbiyot xodimlari birmuncha xatolikga yo‘l ko‘yishi mumkin, chunki gripp  va o‘tkir respirator infeksiyasiga o‘xshash simptomlar kuzatiladi, lekin sal o‘tmasdan kasallikning ikkinchi-gemorragik davri boshlanadi. Bunda burundan qon ketishi, terida nuqtasimon qon qo‘ylishlar, igna bilan dori yuborilgan joylarda qon qo‘yilishlar, ko‘zatiladi. Qon qo‘yilishi ichki a’zolarda (oshqozon-ichak, bachadon) ro‘y berishi mumkin. Kasal odam ajratmalarida (qon, qusiq moddalari, siydigi, va boshqalar) ko‘plab kasallik viruslari bo‘lib, atrofdagilarga katta havf tug‘diradi. Agar o‘z vaqtida kasalxonaga murojaat etilmasa ko‘p qon yo‘qotish natijasida bemorning ahvoli og‘irlashib, yurak-qon tomir yetishmovchiligi va boshqa organlar faoliyati chuqur buzilishi natijasida bemor halok bo‘lishi mumkin.

Ushbu kasallikni oldini olish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

Qrim-Kongo gemorragik isitmasining profilaktikasida asosiy e’tibor shaxsiy himoyaga qaratilishi kerak. Xususan, kanalarning chaqishiga yo‘l qo‘ymaslik, kanalarni qo‘l bilan ezib o‘ldirmaslik, kasallikning klinik belgilari kuzatilgan bemorga yordam berish paytida shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish, doka niqob taqib yurish, maxsus qo‘lqoplardan foydalanish, tananing ochiq joylariga va qo‘zga qon tomchilarining tushishining oldini olish. Ayniqsa, qishloq joylardagi yakka xo‘jaliklarda qoramollarni saqlash sharoitini to‘g‘ri tashkil etish, shuningdek kanalarning ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslikka alohida e’tiborni qaratish zarur.

Kasallikni davolash faqat maxsus stasionarlarda o‘tkaziladi, o‘yda davolash mumkin emas, bu bemor hayotiga va atrofdagilarga katta havf tug‘diradi. Kasallik barvaqt aniqlansa va vrach infeksionistlar tomonidan tegishli davo choralari o‘z vaqtida o‘tkazilsa bemorlar to‘liq sog‘ayib ketadi.

           Kasallikni yuqtirmaslik uchun qo‘yidagi qoidalarga qatiy amal qilinishi zarur:

-  Mulkchilik shaklidan qattiy nazar barcha davolash-profilaktika muassasalari mutaxassislarini QKGI kasalligi bo‘yicha xushyorligini oshirish choralarini ko‘rish: har bir tana harorati yuqori bo‘lgan, o‘tkir respirator kasalliklar alomati mavjud, burnidan, milklaridan, oshqozon – ichaklardan, bachadonidan qon ketgan bemorlarni QKGI kasalligiga gumon etgan holda qabul qilish va tashxislash hamda ushbu bemorlarga nisbatan epidemiologik anamnezni (kasbi, kana chaqish holatlari kuzatilgan yoqi kuzatilmaganligi, uyida yirik va mayda shoxli hayvonlar mavjudligi, cho‘l zonalarida bo‘lganligi) to‘liq yig‘ishni;

-  QKGI kasalligi mavsumi davomida (bahor-yoz oylarida) tana harorati yuqori bo‘lgan va o‘tkir respirator kasalliklari alomatlari mavjud bo‘lgan bemorlarda yuqumli kasalliklarni istisno qilish maqsadida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamiga murojaat etgan bemorlarni infeksionist tekshiruvidan o‘tkazishni ta’minlashni; 

 

-  ommaviy axborot vositalari orqali QKGI kasalligining oldini olish mavzusida tushuntirish va tashviqot ishlarini yetarli darajada tashkil etish va QKGI kasalligi profilaktikasi bo‘yicha mahallalarda seminar va ko‘rgazmali tashviqot ishlarini tashkil etishni;

-  O‘zbekiston Respublikasi «Veterinariya to‘g‘risida»gi Qonunining 19-moddasiga muvofiq hayvon egalari chorvachilik binolarida va boshqa ob’yektlarda dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya ishlarini o‘z vaqtida o‘tkazishni;

-  hayvonlarni boqish, chorva ozuqasini jamg‘arish, dala ishlarini bajarish yoki shunchaki tabiat qo‘ynida dam olish uchun chiqqanda kanadan himoyalanish choralarini ko‘rish (terini kana chaqishidan asrash uchun cho‘chituvchi vositalar, ya’ni repellentlardan foydalanish);

  qirqimga jalb qilingan ishchilar to‘liq maxsus kiyim (etik, kombinezon, qo‘lqop) bilan ta’minlanib,  gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishni;

-  chorva mollarining junini qirqish oldidan ularga maxsus vositalar yordamida kanalarga qarshi ishlov berish yuzasidan veterinariya xizmati xodimlari bilan maslaxatlashishni;

-  yosh bolalar, o‘smirlarni va homilador ayollarni qirqim jarayoniga jalb etmaslik, sut sog‘ish jarayonida sigirlardan kanani qo‘l bilan olmaslikni;

-  kichik yoshdagi bolalarga ko‘y, echki va it bolalari bilan o‘ynashga yo‘l ko‘ymaslikni;

-  odam tanasida kana mavjudligi aniqlansa  tibbiyot muassasasiga imkoni boricha darhol murojaat qilinishi, u yerda kanani mutaxassis tomonidan olib tashlanishi va malakali mutaxassilar tomonidan  tibbiyot kuzatuviga olinishi;

-  tibbiyot xodimlariga murojaat qilish imkoni bo‘lmasa pinset yordamida, rezina qo‘lqop bilan olib tashlanishi zarur, agar kana tanaga yopishgan bo‘lsa uni zinhor yulib olmaslik, kananing nafas olish a’zosi tanasining orqa qismida joylashganligini inobatga olgan holda uning  ustiga kamfora yog‘i, agar u yo‘q bo‘lsa oddiy usimlik yog‘ini tomizish, shunda nafas ololmay qolgan kana so‘rg‘ichini tanadan chiqaradi keyin u olib tashlanadi;

-  chorva va uy hayvonlarida kanani payqasangiz uni qo‘l bilan olib tashlashga yoki qaychi bilan kesishga harakat qilmaslik, darhol veterinariya mutaxassisiga murojaat qilib, ularning maslahat va ko‘rsatmalarini bajarishni;

-  agarda biror kishini kana chaqsa, yoki badaniga kana yopishganini ko‘rsa, qo‘llari kana qoni bilan ifloslansa, shuningdek isitmasi chiqqan bo‘lsa, burundan, milklardan, oshqozon – ichaklardan, bachadondan qon ketgan bemorlarga yordam ko‘rsatish jarayonida bemorning qoni tekkan bo‘lsa, unda ushbu shaxs tibbiy yordamga murojaat etishi, aynan infeksionist tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart;

-  tana harorati yuqori bo‘lgan va o‘tkir respirator kasalliklar alomatlari mavjud holatlarda bemorlar o‘zboshimchalik bilan davolanishiga yo‘l qo‘ymaslik tavsiya etiladi.

 Qrim-Kongo gemorragik isitmasiga qarshi vaksinatsiya mavjud emas, yuqoridagi qoidalarga qat’iy amal qilsak,  yuqorida qayd etilgan kasallikning oldini olish chora-tadbirlarini boshqalarga ham tushintirsak o‘zimizni  va atrofdagilarimizni  sog‘ligini himoya qilgan bo‘lamiz.

 

Sanepidqo`mita

Axborot xizmati

 @sanepidcommittee