• Sayt test rejimida ishlamoqda!
  • Sayt test rejimida ishlamoqda!
  • Sayt test rejimida ishlamoqda!

Yangiliklar

2023-12-15

BOTULIZM O‘LIM BILAN TUGASHI MUMKIN!

topics-img

SANEPIDQO'MITA OGOHLANTIRADI!

BOTULIZM O‘LIM BILAN TUGASHI MUMKIN!

 

Oxirgi vaqtlarda Respublikamizning aksariyat shahar va tumanlarida aholi orasida ovqatdan zaharlanishning eng og‘ir turi, jumladan “Botulizm” kasalligi uchrab turmoqda.

Holat yuzaga kelishi oqibatida jabrlanganlar o‘z vaqtida tibbiy yordamga murojaat etmasligi ushbu kasallikning og‘ir kechishi,  o‘lim bilan tugashi kuzatiladi.

Botulizm kasalligini chaqiruvchi mikroblar ko‘pincha sabzavotlar, qo‘ziqorin, go‘sht va baliq mahsulotlaridan  tayyorlash texnologiyasiga rioya etmasdan uy sharoitida tayyorlangan, sifatsiz konserva mahsulotlarida ko‘payib, ularni inson iste’mol qilganida, jarohatlangan teri yoki og‘ziga solganida kasallik rivojlanishi  mumkin.

Oziq-ovqat mahsulotlariga botulizm qo‘zg‘atuvchilari turli yo‘llar bilan o‘tadi. Masalan go‘shtga – hayvon so‘yilayotganda, nimtalanayotganda, baliqlarga esa qoplamalaridan yoki ichaklaridan tushishi mumkin. Ba’zi hollarda botulizm tuzlangan baliqlar orqali tarqalishi mumkin.

Sabzavot, mevalar va qo‘ziqorinlarga botulizm qo‘zg‘atuvchilarini sporalari asosan tuproqdan o‘tadi. Botulizm qo‘zg‘atuvchilari tashqi muhitga o‘ta chidamli bo‘lib, 100 haroratda 6 soat, 120 gradusda esa 10 daqiqagacha tirik bo‘ladi.

Botulizm sporalari qulay sharoitga tushib qolganda, ko‘payib o‘zidan toksin ajratib chiqaradi. Sporalarni ko‘payishi va o‘zidan toksin ajratib chiqarishi uchun kislorodsiz muhit qulay hisoblanadi. Shu sababli, botulizm qo‘zg‘atuvchilari konservalangan mahsulotlarda, vetchina, kolbasa va baliqlarda yaxshi rivojlanadi.

Sporalarni rivojlanishi uchun 22-37 daraja eng qulay hisoblanadi. 14 haroratdan  past darajada, 10 foizli osh tuzi eritmasida va 55 foizdan yuqori shakarli muhitda toksin ishlab chiqarishi to‘xtaydi.

 

KASALLIK BELGILARI

Botulizm tayoqchasining ishlab chiqargan zahari qonga tez so‘riladi va juda kuchli ta’sir qiladi. Kasallikning yashirin davri 2 soatdan 8-10 kungacha, hatto 21 kungacha cho‘zilishi mumkin.

Botulizm kasalligida markaziy nerv tizimi zararlanishi belgilari kuzatiladi. Botulizm toksinlari bilan zararlangan oziq-ovqatlarni iste’mol qilgandan keyin 2-3 soat ichida, ba’zi hollarda esa, bir sutkadan keyin, zaharlangan kishining oshqozoni behuzur bo‘lib, qayd qiladi. Bosh qattiq og‘riydi, og‘iz bo‘shlig‘i va tomoq yo‘llari quriydi. Ko‘zi xiralashib, narsalar qo‘shaloq bo‘lib ko‘rinadi (diplopiya), qovoqlari tushib ketadi (ptoz), bemor yutinishga, chaynashga qiynaladi.

Botulinotoksinga asab tizimi, ayniqsa, kuchli sezgir bo‘lganligi uchun, meningial simptomlar kuzatiladi. Nafas olish, yutish va yurak urish reflekslarining buzilishi oqibatida o‘lim holatlari kuzatiladi.

Botulizm kasalligida shifokor kelgunga qadar bemorga ko‘p miqdorda suyuqlik berish tavsiya qilinadi. Bu esa, oshqozon-ichak yo‘lida mikroblarning zaharli ta’sirini bir muncha pasaytiradi. Unga qarshi zardob bemorga faqatgina shifoxona sharoitida qilinadi.

Hozirda botulizm qo‘zg‘atuvchilarining 6 ta: A, B, C, D, Е, R turlari aniqlangan bo‘lib, eng ko‘p tarqalgan turlari A, B, Е hisoblanadi. Davolashda spetsifik botulizm toksinlarini neytralizatsiya qiluvchi anatoksinlardan foydalaniladi. Eng kuchli toksin A, eng kuchsiz esa С turi hisoblanadi.


Sanepidqo`mita Axborot xizmati