logo

Bugungi zamonaviy elektron ommaviy axborot vositalari imkoniyatlari kengaygani, xususan, internet tarmog‘i ommalashgan davrda turli xabarlar tarqalmoqda. Asosli yoki asossiz ekanligi ikkinchi darajaga o‘tib qolmoqda. Yaqinda ijtimioy tarmoqlarda  Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumanida ikki nafar bolaning  Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligidan vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi.

Xo‘sh, Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi qanday kasallik, Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanida qayd etilgan kasalliklarga qarshi Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan qanday  chora-tadbirlar olib borilayapti?

Sanepidxizmatning Matbuot xizmati O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi  xizmatining O‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘limi bosh mutaxassisi Umir Mirzayev bilan shu haqida suhbat uyushtirdi.

–  Ijtimoiy tarmoqlarda turli xabarlar tarqalishi, ba’zida ko‘ngilsiz holatlarning ham shov-shuvli asosda ommaga taqdim etilishi kuzatilayotgani barchaga ma’lum. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda ikki nafar bolaning vafoti to‘g‘risida xabar tarqalib, o‘lim sababi Qrim-Kongo gemorragik isitma ekanligi aytildi.  Umir aka, ayting-chi, Qrim-Kongo gemorragik isitma qanday kasallik?

– Darhaqiqat, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar oqimi ko‘paymoqda. Ikki go‘dakning vafoti esa achinarli hol. Endi mazkur kasallikka to‘xtaladigan bo‘lsam, Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi virus qo‘zg‘atadigan, kanalar orqali transmissiv yo‘l bilan yuqadigan, tabiiy o‘choqli o‘ta xavfli yuqumli kasallik hisoblanadi. Yirik va mayda shoxli hayvonlarda uchraydigan iksod kanalari ushbu kasallik virusining saqlovchisi va tashuvchilari hisoblanadi. Shu o‘rinda kasallik asosan, faoliyati cho‘l hududlari, cho‘pon, ularning oila a’zolari, mol boquvchilar, ovchilar, qo‘ylar junini qirqimiga vaqtinchalik ishga jalb etilganlarda uchrashini alohida ta’kidlamoqchi edim. Gemorragik isitma mavsumiylik xususiyatiga ega bo‘lib, asosan  yilning bahor va yoz fasllarida  qayd etiladi. Kasallikdagi bunday mavsumiylik kanalarning faolligi bilan bevosita bog‘liq bo‘ladi. Bu kasallik asosan 80 foizdan ko‘prog‘i 20 – 60 yoshdagi erkaklarda uchraydi.

Kasallik tabiiy sharoitda o‘zida gemorragik isitma virusini saqlaydigan kanalarning chaqishi va qo‘llarni kana qoni bilan ifloslanishi natijasida odamlarga yuqadi. Yana bir xavfli tomoni – bu QKGI bilan og‘rigan  bemorning qoni orqali ham gemokontakt yo‘l bilan sog‘lom odamga yuqadi. Kasallikning yashirin davri o‘rtacha 2 – 3 kun davom etadi. Ba’zida bu davr bir necha soatlargacha qisqaradi yoki 14 kungacha cho‘ziladi.

Kasallik o‘tkir boshlanib, tana haroratining ko‘tarilishi (39 – 40 ºS), yuz, bo‘yin, ko‘krak qismi terilarining qizarishi, badanning sovuq qotib qaltirashi, mushaklarning og‘rishi, toshma toshishi, milk, burun, oshqozon-ichaklardan qon ketishi, in’yeksiya joylarida qon quyilishlar kabi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi. Ba’zida kasallik og‘ir kechib, o‘lim holatlari ham qayd etiladi. Yana bir jihat mazkur kasallik gemorragik belgilarsiz shaklda ham kechishi mumkin.  Kasallikning bu shaklida badanda toshmalar toshmaydi, qon talashlar kuzatilmaydi, organlarlardan qon ketmaydi, kasallik asosan isitma va intoksikasiya alomatlari bilan kechadi. Bunday bemorlardan laboratoriya tekshiruvi uchun qon olish hamda teri butunligi buzilishi bilan kechadigan muolajalarni amalga oshirish jarayonlarida epidemiyaga qarshi talablarga rioya qilmaslik natijasida tibbiyot xodimlariga kasallik yuqishi mumkin.

Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumanida sodir bo‘lgan holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologiya xizmti tomonidan qanday  chora-tadbirlar olib borilmoqda? Shu haqida to‘xtalib o‘tsangiz...

 

– Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligining o‘chog‘ida Gʻuzor tumanidagi “Eskibog‘” MFY, Eskibog‘ qishlog‘ida epidemiya va proftilaktik chora-tadbirlar davom ettirilmoqda. Jumladan, Gʻuzor tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 30 nafar tibiyot xodimi tibbiy kuzatuvga olingan, ularning gemokontaktda bo‘lgan 22 nafaridan joriy yilning 26 iyun kuni qon tahlillari olindi. Tahlillar Respublika Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti virusologiya laboratoriyasiga PSR va IFA usullarida tekshirish maksadida olib kelingan. Laboratoriyaning xulosasiga ko‘ra ularning PSR va IFA usullari tekshiruv natijalari QKGI kasalligiga “manfiy” bo‘lgan. Tibbiyot xodimlari tomonidan uyma-uy yurib, aholi o‘rtasida Qrim-Kongo gemoragik isitma kasalligining profilaktikasi bo‘yicha keng targ‘ibot, tushuntirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Olib borilayotgan ishlar, aholi orasida targ‘ibot tadbirlarining o‘tkazilishi kasalliklarning oldini olishga xizmat qiladi. Aytingchi, Gʻuzor tumanida noma’lum kanalar paydo bo‘lgani va kanalar orqali kasallik tarqalayotgani to‘g‘risida gap-so‘zlar tarqalib, xavotir uyg‘ona boshlandi. Bu qanchalik to‘g‘ri, shunga izoh bersangiz. Xavotir olishga asos bormi?

– Noma’lum kanalar tarqalganligi to‘g‘risidagi gap-so‘zlar mutlaqo asossiz. Respublikamizning bir nechta viloyatlarida kanalarning tabiiy o‘choqlari mavjud. Olimlar iksod kanalarini suvsiz va ozuqasiz  20 yildan ortiq yashashi mumkinligini aniqlagan. Eski molxonalar, devor kavaklarida yashiringan kanalar ob-havoning seryomg‘ir kelishi va havo haroratining birdan qattiq isib ketishi natijasida harakatga keladi. Shu sababli molxonalarda  vaqti-vaqti bilan kreolinning 3 foizli ishchi eritmalari bilan dezinseksiya ishlari o‘tkazib turilishi kerak.

– Mutaxassis sifatida kasallikni yuqtirmaslik va undan saqlanish uchun qanday tavsiyalar berasiz?

– Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligidan saqlanish uchun quyidagilarga rioya qilish tavsiya etiladi:

-  badanga kana yopishganligi aniqlansa, yaqin joylashgan tibbiyot muassasasiga murojaat qilish kerak;

-  kanalarni qo‘l bilan ezib, qaychi bilan kesib o‘ldirmaslik, qirqim mavsumiga yosh bolalar, o‘smirlar va homilador ayollarni jalb etmaslik, sut sog‘ish jarayonida sigirlardan kanani qo‘l bilan olmaslik;

-  kanani ustki qismiga 1 tomchi o‘simlik moyi tomizilsa kana o‘ladi;

-  chorvachilik bilan shug‘ullanadigan aholi yiliga 2 marta dezinseksiya ishlarini amalga oshirishi kerak;

-  eski molxonalarda vaqti-vaqti bilan ta’mirlash ishlarini olib borish kerak;

-  qirqim  vaqtida faqat maxsus himoya kiyimlardan (qo‘lqop, yeng va pochalari mustahkam berkiladigan shim, kamzul, rezina etik) foydalanish, shaxsiy gigiyena qoidalariga puxta amal qilish kerak.

Yuqoridagi qoidalarga qat’iy amal qilsak, kasallikning oldini olish chora-tadbirlarini boshqalarga ham tushintirsangiz o‘zimiz va atrofdagilarning sog‘ligini himoya qilgan bo‘lamiz.

Sanepidxizmat

Matbuot xizmati

@sanepidxizmat