logo

2019 yilning oxiri va 2020 yilning boshida butun dunyo mamlakatlari uchun kutilmagan vaziyat yuzaga keldi, dunyo boʼylab nomaʼlum hamda alomatlari avval uchratilmagan kasallik tarqala boshladi va unga koronaviruslar sababchi ekanligi aniqlanib, yuzaga kelgan taxlikali holat Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti tomonidan - pandemiya deb eʼlon qilindi.

 Bunday pandemiyaga nafaqat Oʼzbekiston, balki butun dunyo tibbiyoti tayyor emas edi. Virus esa borgan sari kuchayib, qamrovi kengayib, mutatsiyaga uchragan turlari koʼpayib bordi. Bunday holat butun dunyoda va Oʼzbekistonda ham ogʼir oqibatlarga olib kelganligi barchamizga maʼlum. Аfsuski bir qancha aholimiz va tibbiyot hodimlari ushbu kasallik oqibatida vafot etishdi.

 Oʼzbekiston Respublikasida Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti va boshqa xalqaro moliya institutlari koʼmagida olib kelingan vaktsinalar bilan 2021 yil aprel oyidan boshlab, koronavirusga qarshi ommaviy emlash ishlari boshlab yuborildi va hozirgacha davom etmoqda. Shuni alohida taʼkidlash lozimki emlangan aholimizda kasallik yengil oʼtib, asoratlarsiz kechmoqda. Hozirgi kunda koronavirus infektsiyasiga chalingan bemorlarning koʼpchiligini emlanmagan yoki buster doza bilan emlanmagan fuqarolarimiz tashkil qilmoqda va aynan ushbu bemorlarimizda kasallik birmuncha ogʼir oʼtmoqda.

 Mamlakatimizda pandemiya oqibatlarini yumshatish va aholining ushbu kasallikdan forigʼ qilishda muhim qarorlar qabul qilinmoqda, natijada kasallanish va uning oqibatida oʼlim holatlari koʼrsatkichlarida sezilarli pasayish kuzatilayapdi. Misol uchun, xozirgi kunda ham davom etayotgan koronavirus pandemiyasi sababli ushbu kasallik bilan kasallanishning qayd qilinishi va uning sababidan oʼlim holati raqamlariga murojaat qiladigan boʼlsak, quyidagi holatni kuzatish mumkin (barcha raqamlar Sogʼliqni saqlash vazirligining rasmiy maʼlumotlaridan olingan):

 Oʼzbekiston Respublikasida joriy yilning 30 iyul kuniga koronavirus infektsiyasi bilan kasallanganlar soni 243 051 nafarni tashkil etib, ulardan 240 133 nafari (99,2%) sogʼayib chiqqan, dastlabki bemor roʼyxatga olingandan buyon xozirga qadar ushbu kasallikdan 1637 nafar fuqaro vafot etgan, yoki kasallanish sababli oʼlim holati 0,6%ni tashkil qilmoqda. Аynan shu davrda dunyo boʼyicha esa kasallanganlar soni 580,7 mln nafar boʼlib, umumiy oʼlganlar soni 6,4 mln nafarni (1,11%) tashkil etdi. Ushbu koʼrsatkich, Mustaqil Hamdoʼstlik Davlatlar tarkibiga kiruvchi Rossiya Federatsiyasida 2,06% va Qozogʼiston Respublikasida 1,02%ni tashkil etgan.

 Respublikamizdagi koronavirus infektsiyasi bilan bogʼliq raqamlarni yillar kesimida koʼrib chiqadigan boʼlsak, 2020-2021 yillar va

 2022 yilning birinchi yarmidagi koʼrsatkichlar quyidagi tarzda namoyon boʼldi, xususan, 2020 yilda roʼyxat olingan bemorlar 77 088 ta, oʼlim soni 614 ta (0,8%), 2021 yilda bemorlar 121 942 ta, oʼlim soni 871 ta (0,7%) va joriy yilning oʼtgan 6 oyida esa bemorlar 41 915 ta, oʼlim soni 152 ta (0,4%) qayd etilgan.

 Shuningdek, respublikamizda nafas organlari kasalliklari soni

 2020 yilda 5402192 ta, oʼlim soni 12657 ta, 2021 yilda kasallar soni 5264429 ta, oʼlim soni 12019 ta boʼlgan.

 Yurak-qon tomir kasalliklari esa 2020 yilda 2169414 ta, oʼlim soni 59128 ta, 2021 yilda esa kasallar soni 2187432 ta, oʼlim soni esa 107712 ta boʼlgan.

 Yuqoridagilardan koʼrinib turibdiki, aholining nafaqat koronavirus kasalligidan, balki, nafas organlari kasalliklaridan ham oʼlim koʼrsatkichlari yildan yilga kamayib bormoqda. Ushbu tendentsiyani kasalliklarni erta, dastlabki bosqichlarda aniqlash, zamonaviy davolash usullarini qoʼllash va koʼpgina boshqariluvchi yuqumli kasalliklar singari, koronavirus kasalligiga va pnevmoniyaga qarshi emlashning amaliyotga kiritilganligi bilan bogʼlash mumkin. Yurak-qon tomir kasalliklaridan oʼlim soni 2021 yilda, 2020 yilga nisbatan koʼtarilgan.

Sanepidxizmat

Matbuot xizmati

️@sanepidxizmat