logo

Respublikamizda eksport salohiyatini oshirish, eksportchi korxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, milliy mahsulotlarning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Joriy yilning 13 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tkazilgan standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan eksportyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va eksport salohiyatini oshirishga doir chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 
Jumladan, eksportyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va eksport salohiyatini oshirishga doir chora-tadbirlarni muvofiqlashtiruvchi respublika, viloyat va tuman darajasida ishchi guruhlar shakllantirildi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan “GSP+” tizimi doirasida mahalliy mahsulotlarning Yevropa bozorlariga eksportini kengaytirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlandi.
Shu bilan birga, Sanitariya-epidemiologiya xizmatining hududiy  boshqarmalari, tuman (shahar) bo‘limlarini 2 nafardan jami 442 nafar mutaxassis har bir hududdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanadigan korxonalarga biriktirilib, hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
“GSP+” tizimiga kirgan 6200 doirasida mahalliy mahsulotlarning Sanitariya-epidemiologiya xizmati bilan bog‘liq turlari shakllantirildi.
Bundan tashqari, “Kodeks Alimentarius” doirasidagi 614 ta ko‘rsatkich xatlovdan o‘tkazilib, xalqaro standartlar asosida laboratoriya sinovidan o‘tkazish imkoniyati yaratilishi bo‘yicha takliflar kiritilmoqda. 
Ahamiyatli jihati shundaki hozirgi kunda 4 ta (Toshkent shahrida – 2 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Namangan viloyatida – 1 tadan) va 2023 yil davomida respublika bo‘yicha 10 ta laboratoriya majmualarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Har bir hududda kamida bittadan laboratoriya majmuasini milliy akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha amaliy harakatlar olib borilayotganini alohida ta’kidlash joiz. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarining laboratoriya majmualarida geni modifikatsiyalangan organizmlarni (GMO) metodikasi bo‘yicha laboratoriya tahlillari asosida aniqlash yo‘lga qo‘yilmoqda.
Shu bilan birga oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalar faoliyati va eksport qiladigan mahsulotlar turlari shakllantirildi.
Sanitariya-epidemiologiya xizmati, hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlarining vertikal tizimi orqali doimiy muloqot o‘rnatib, har oyda ikki marotaba tadbirkorlar bilan uchrashuv tashkil etilmoqda. Shuningdek, har oyda soha mutaxassislari ishtirokida videoaloqa formatida o‘tkaziladigan yig‘ilishlarda muhokama qilib borish tizimli yo‘lga qo‘yildi.