logo

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra joriy yilning 22 iyun holatiga ko‘ra dunyoda 544,2 million nafardan ortiq bemorda koronavirus infeksiyasi aniqlangan, ulardan 6,3 million nafari (1,2 foiz) vafot etgan.

So‘ngi 30 kunlik tahlilda:

AQSH, Tayvan, Germaniya va Braziliya davlatlarida kunlik o‘rtacha kasallanish 50-100 ming holatni tashkil etmoqda.

Avstraliya, Fransiya, Portugaliya, Italiya, Yaponiya va Janubiy Koreya davlatlarida yuqori kunlik kasallanish (20-30 ming) holatlari saqlanib qolmoqda.

O‘zbekiston Respublikasida joriy yil 22 iyun holatiga ko‘ra koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 239 895 nafarni tashkil etib, ulardan 237 791 nafari (99 foiz) sog‘aygan, 1 637 nafari (0,7 foiz) vafot etgan.

So‘ngi bir hafta davomida dinamikada kasallanishning biroz ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Jumladan, joriy yilning 17 iyun kunida 90 ta, 18 iyun kuni 108 ta, 19 iyun kuni 93 ta, 20 iyun kuni 87 ta, 21 iyun kuni 82 ta, 22 iyun kuni 98 ta kasallik qayd etildi.

Respublika bo‘yicha ro‘yxatga olingan kasalliklarning yoshma-yosh tahlili:

14 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtacha 3-4 foizni, 15-19 yoshdagilar 2-3 foizni, 20-29 yoshdagilar 24-25 foizni, 30-39 yoshdagilar 16-17 foizni, 40-49 yoshdagilar 14-15 foizni, 50-59 yoshdagilar 9-10 foizni, 60 yosh va undan kattalar 16-17 foizni tashkil etmoqda.

Kasallik manbai, jumladan: 35-40 foiz holatda oiladan, 15-20 foiz holatda bemor qo‘shnilari yoki qarindoshlaridan, 7-8 foiz holatda jamoat joylarida, 5-8 foiz holatda ish joyida yuqtirib olingani aniqlangan.

JSST tomonidan dunyo mamlakatlarida “Omikron” shtammining “Stealth-Omicron” BA.2 varianti ustuvor shtammga aylangani ta’kidlanmoqda. Respublikamizda ham ushbu shtamm aniqlanib, hozirgi kunda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanishda ushbu shtammning uchrayotgani kuzatilmoqda.

Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilg‘or texnologiyalar markazida virus genomini o‘rganish (sekvenlash) bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillarda 67,0 foizida “Omicron”, va  33,0 foizida “omikron” shtammining yangi mutatsiyadagi “Stealth-Omicron” BA.2 varianti topilgan.

Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlashda qo‘llanilgan jami vaksinalar soni 57,7 million dozadan oshdi. Ulardan: 1-bosqich emlanganlar 20 550 541 nafarni,  2-bosqichda emlanganlar 16 856 230 nafarni, 3-bosqich va buster doza bilan emlanganlar 20 355 055 nafarni tashkil qildi.

12-18 yoshdagi emlanuvchilar uchun jami 1 587 480 doza vaksinadan foydalanildi. Ulardan: 1-bosqich emlanganlar 863 351 nafarni, 2-bosqichda emlanganlar 675 766 nafarni, 3-bosqich va buster doza bilan emlanganlar 48 363 nafarni tashkil qilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bo‘yicha vaziyat barqarorligi ta’minlanib kelinmoqda. Lekin o‘tgan 2 yil davomida aynan iyul-avgust oylarida kasallanish ko‘tarilganligi qayd etilgan. Shuning uchun koronavirus infeksiyasini tarqalishining oldini olish maqsadida aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash va buster dozasi bilan qayta emlash ishlarini jadallashtirish katta ahamiyatga ega.

Aholi orasida koronavirus kasalligi diagnostikasi, klinikasi va maxsus profilaktikasi (emlash tadbirlari va buster dozaning ahamiyati) bo‘yicha barcha turdagi ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda targ‘ibot va tashviqot ishlarini amalga oshirishimiz zarur.

 

Respublika Sanitariya-epidemiologik

osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati

boshligʼi B.Yusupaliev