logo

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo bo‘yicha 528 000 nafar ayol bachadon bo‘yni saratoni kasalligi bilan kasallanadi. Achinarlisi 266 000 nafari mazkur kasallik oqibatida vafot etadi.

O‘zbekistonda esa har yili 1660 nafar ayol bachadon bo‘yni saratoni   kasalligiga chalinayotgan bo‘lsa, 608 nafar ayol vafot etmoqda. Bu kasallik profilaktikasi o‘smir yoshdagi 9-14 yoshgacha bo‘lgan qizlarni papilloma virusiga qarshi emlash hisoblanadi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra bachadon bo‘yni saratoni O‘zbekistonda barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinda turadigan va eng ko‘p tarqalgan kasallik hisoblanadi. Kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha esa, bachadon saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi va oshqozon saratoni tufayli o‘limdan keyingi uchinchi o‘rinda va tug‘ish yoshidagi ayollar (15-44 yosh) orasida bachadon saratonidan o‘lim ko‘rsatkichi   ikkinchi o‘rinda turadi. Papilloma virusi kasalligining oldini olishda samaradorligi yuqori va xavfsiz bo‘lgan odam papillomasi virusi vaktsinasi bilan emlash samarasida xastalikning kamayishi va eliminatsiyasiga erishish mumkin.

Dunyoda ko‘p yillik o‘rganishlar vaktsinalarning samarasi 10 yildan ortiq ekanini ko‘rsatadi. Bu boradagi monitoring ishlari davom etmoqda. Vaktsinaning alohida nojo‘ya ta’siri yo‘q, faqatgina vaktsina mushak orasiga qilinishini inobatga olgan holda qon ivish sistemasida trombositopeniya kasalligi bo‘lgan shaxslarga ehtiyotkorlik bilan qo‘llash lozimligi belgilangan.

Ota-onalarni qiziqtirgan bir savol: vaktsina qizlarning reproduktiv funksiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi? Aniqlanishicha, aksincha, vaksina uni hatto himoyalaydi. Bu to‘g‘risida 2018 yil 9 mayda alohida bayonnomada qayd etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 1 avgustdagi “2014-2018 yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi davlat dasturi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorlari asosida, shuningdek, 100 dan ortiq davlatlar odam papilloma virusiga qarshi vaktsinani qo‘llashning  samaradorligi  tajribasini inobatga olgan holda 2019 yilning oktyabr-noyabr oylaridan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligi, JSST va YUNISEF ko‘magida bachadon bo‘yni saratoniga sabab bo‘luvchi odam papilloma virusiga qarshi vaktsina tatbiq etildi. Bugungi kunda bir million besh yuz ming nafar qiz ushbu vaktsina bilan emlandi.

Joriy yilning may-iyun oylarida VPCh vaktsina bilan milliy emlash kalendari asosida 9 yosh hamda 12-14 yoshdagi qiz bolalar o‘rtasida emlash ishlari olib borilmoqda.

Vaktsinalar ma’muriy hududlar davolash-profilaktika muassasalarining emlash punktlariga yetkazib berilishi natijasida 288 ming nafar 9 yosh hamda 12-14 yoshdagi 854 ming nafar qiz o‘rtasida emlash ishlari davom etmoqda. 

Respublikada Virusologiya ITI, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot va Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tomonidan olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, VPCh vaktsinasi bilan emlash jarayoni amaliyotga joriy etilishi natijasida yiliga 1100 nafar ayol bachadon bo‘yni raki bilan kasallanishining oldi olinadi. Qolaversa 583 nafar ayolning hayoti saqlab qolinishiga erishiladi. Yiliga ushbu vaktsina bilan emlash qamrovi 90 foiz miqdorda amalga oshirilsa 2050-2060 yillarga kelib bachadon bo‘yni raki kasalligi eliminatsiya qilinadi.

D.TURSUNOVA,

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Vaktsinalar va immunoprofilaktika bo‘limi boshlig‘i