logo

Yod tanqisligi natijasida yuzaga keladigan kasalliklar eng ko‘p uchraydigan kasalliklar qatoriga kiradi.

Yod tanqisligiga qarshi ko‘p yillik kurash olib borilayotganiga qaramasdan hanuzgacha dunyoning ko‘plab mamlakatlari, shu jumladan, respublikamizda ham bu muammo to‘liq hal etilmagan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatida yodlangan osh tuzini ishlab chiqarish va qadoqlash bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlik sub’ektlari va mutaxassislar ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvda bu haqida alohida ta’kidlandi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliev kirish so‘zi bilan ochib berdi. Sanitariya epidemiologiya xizmati tomonidan hududlarda yodlangan osh tuzini ishlab chiqarish korxonalarida o‘tkazilayotgan tekshirish va aniqlangan kamchiliklar to‘g‘risida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Atabekov to‘xtalib o‘tdi.

Bugungi kunda hududlarda 100 ta tadbirkorlik sub’ektlari yodlangan osh tuzi bilan shug‘ullanib kelmoqda. Shundan 56 tasi yodlangan osh tuzini ishlab chiqarish korxonasi hisoblanadi. 44 tasi yodlangan osh tuzini qadoqlash sexi. Aniqlanishicha, 56 ta korxonaning 17 tasida (30,3%) laboratoriya tashkil etilgan. Yodlangan osh tuzini qadoqlash faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan 44 ta sexlarning birortasida laboratoriya mavjud emas. Qolaversa, ushbu sex rahbarlari yodlangan osh tuzini har xil yo‘llar bilan xarid qilib, ularning yodlanganlik darajasini asoslovchi hujjatlarga ega emasligi tekshirishlar  davomida aniqlanmoqda.

Tadbirda Sanitariya-gigiena boshqarmasining bosh mutaxassisi Abdurahmon Ismoilov ishlab chiqarish korxonalarining zamonaviy yod aniqlash laboratoriyalari hamda yodlash uskunasi bilan ta’minlanganligi yuzasidan ma’lumot berdi. Sanitariya-gigiena laboratoriyasi mudiri Mavluda Shamsutdinova osh tuzi tarkibida yod miqdorini aniqlash borasida laboratoriya xizmatini tashkil etish to‘g‘risida batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

Ochiq muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda osh tuzini yodlash jarayonidagi muammolar va uning yechimlari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Uchrashuv so‘ngida tadbirkorlar va mutaxassislarning takliflari tinglandi.

 

Sanepidxizmat

Matbuot xizmati