logo

AOKAda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova ishtirokida “Sanepidqo‘mita huzurida tashkil etilgan malaka oshirish markazi faoliyati to‘g‘risida” mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023 yil 4 iyuldagi 272-son qarori bilan qo‘mita huzurida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tashkil etildi.

Markaz vazifalari quyidagilardan iborat:

-  fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish, soha mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

-  innovasion texnologiyalar hamda ilg‘or xorijiy tajribani joriy etishga mo‘ljallangan o‘quv rejasi va dasturlarini belgilangan tartibda ishlab chiqish;

-   o‘quv-metodik hujjatlarini ishlab chiqish;

-  innovasion texnologiyalarga asoslangan qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil etish;

-  shartnoma asosida tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining professor-o‘qituvchilarini jalb etish;

-  sanitariya-epidemiologiya sohasining ilg‘or yutuqlaridan foydalangan holda malaka oshirishning innovasion shakllarini joriy etish;

-  turli soha xodimlarining sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida malakasini oshirish;

-  kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning ilg‘or usullarini joriy etish;

-  idoralararo hamkorlik qilish;

-  xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, anjumanlar, ko‘rgazmalar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish.

Soha mutaxassislarining Malaka oshirishlari uchun jaxonning yetakchi davlatlari tajribalarini o‘rgangan holda sanitariya-gigiyena, epidemiologiya, mikrobiologiya yo‘nalishlari bo‘yicha 16 turdagi malaka oshirish dasturlari ishlab chiqildi va tasdiqlandi. 

Yangi o‘quv yilidan ta’lim jarayonlari qo‘mitaning eng zamonaviy asbob uskunalar bilan jixozlangan laboratoriyalarida olib borilmoqda.

Shu bilan birga, ta’lim jarayonida foydalanish uchun videoqo‘llanmalar yaratilmoqda.

Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida loyihalar tanloviga davlat buyurtmasi, shuningdek ilmiy grant loyihalari tayyorlanmoqda.

Xorijlik hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatish borasida ham ishlar olib borilmoqda, jumladan 2023 yil 21 avgust kuni Niderlandiyaning "Inspestor Research System BV" kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandum doirasida Markaz tinglovchilari, professor o‘qituvchilarini "Inspestor Research System BV" kompaniyasi tomonidan malakasini oshirishlari, turli xil ilmiy grant loyihalari va ishlab chiqarish jarayonida hamkorlikda ishlash bo‘yicha kelishib olindi.

Shuningdek, AQSH, Koreya, Malayziya, Rossiya kabi davlatlardagi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar bilan ham hamkorlik aloqalari o‘rnatilmoqda.

Markazda 1 yilda 1000 yaqin kursantlarni malaka oshirishi  reja qilingan.

Kelgusida universitetning fizika, kimyo va biologiya fakultetini  bitirgan mutaxassislarni ham qayta tayyorlash rejalashtirilgan.

Sanepidqo‘mita

Axborot xizmati

 @sanepidcommittee