logo

Bugungi kunda Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati referens markazi tarkibidagi sinov laboratoriyalarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, rasmiylashtirilayotgan xulosalar xalqaro darajada tan olinishiga erishish maqsadida laboratoriyalarda xalqaro usullarni joriy etish ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati qoshida ishga tushirilgan Milliy referens laboratoriyasini qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun jami 20,5 mlrd. so‘m mablag‘ sarflandi. 
Hukumatimizning tegishli qaroriga asosan avvalo mahsulot uchun rasmiylashtirilayotgan gigiyenik xulosa faqatgina o‘zimizda emas, balki xorijiy davlatlarda tan olinishiga erishishdir. 
Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati laboratoriya faoliyati bo‘yicha ishlar natijalarining xorijiy mamlakatlar tomonidan e’tirof etilishini ta’minlash yuzasidan  milliy referens laboratoriyalarni bosqichma-bosqich xalqaro darajada akkreditatsiyadan o‘tkazish asosiy maqsad qilib olindi.  Shuningdek, sanitariya-gigiyena, virusologiya va mikrobiologiya sinov laboratoriyalari oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizlik ko‘rsatkichlari yo‘nalishida “Laboratoriyalar akkreditatsiyasi bo‘yicha xalqaro tashkilot ILAC MRAning to‘laqonli a’zosi”  Turk Akkreditatsiya tashkiloti TURKAKdan xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi. 
Natijada Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati referens markazi laboratoriyalari oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizlik sinovini xalqaro uslublar bo‘yicha amalga oshirish imkoniyatiga, ya’ni laboratoriyalar tomonidan olib borilgan sinov natijalarini ILAC MRA  a’zosi bo‘lgan 170 dan ortiq davlatlarda xalqaro darajada tan olinishiga erishildi. Ushbu laboratoriyalarda xalqaro uslublar bo‘yicha 2021-2022 yillarda sinov ishlarini amalga oshirish uchun 21 ta zamonaviy uskuna xarid qilindi.
Milliy referens laboratoriya respublikadagi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan yagona laboratoriya hisoblanishi quvonarli holdir.
Aslida bu barcha sa’y-harakatlar zamirida bir maqsad-muddao mujassamdir, u ham bo‘lsa respublikamiz aholisiga sifati kafolatlangan mahsulotlar yetkazib berish va tadbirkorlarimiz o‘z mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqishga keng imkoniyatlar yaratishdan iborat.