logo

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatida Ozarbayjon Respublikasi Oziq-ovqat xavfsizlik agentligi delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Ozarbayjon Respublikasi Oziq-ovqat xavfsizligi agentligi raisi Goshgar Taxmazli, agentlikning import va eksport nazorati bo‘limi boshlig‘i Farid Aliyev, Oziq-ovqat xavfsizligi Instituti boshqaruv raisi maslahatchisi Mammedraxim Nadjafov, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmat boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev, boshliqning o‘rinbosari Botir Qurbanov, boshqarma boshlig‘i Anvar Shukurov, bosh mutaxassis Qamariddin Boqiyev va xalqaro hamkorlik shoʻbasi rahbari Dilorom Qo‘ziyevalar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida tashkilotlar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini ta’minlash borasida  olib borilayotgan ishlar, mavjud holat va hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Xususan, xorijiy delegatsiya a’zolari Ozarbayjon Respublikasida hozirgi kunda aholini sifatli, xavfsiz oziq-ovqat mahsuloti bilan ta’minlash va bu borada Oziq-ovqat xavfsizligi agentligi o‘rni va roli haqida alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Jumladan, agentlik 2017 yili tashkil etilgan va Ozarbayjon oziq-ovqat xavfsizligini nazorat qiluvchi 5 ta davlat organini birlashtiradi. Bugungi kunda Agentlik tizimida 1 500 nafar xodim faoliyat yuritib, oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligini ta’minlash borasida davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshirish, sertifikatlash va laboratoriyalarni rivojlantirish ishlari olib boriladi. Agentlik qoshidagi Oziq-ovqat xavfsizligi institutidagi ilmiy faoliyat, xalqaro miqyosda raqobatbardosh mahsulotlar, istiqbolli kadrlar faoliyati haqida keng tushuncha berildi. Tizimga zamonaviy innovatsion texnologiyalar keng joriy etilgan bo‘lib, boshqaruv elektron tarzda olib boriladi.
Shu bilan birga, delegatsiya vakillari mamlakatimizda bu sohada amalga oshirilayotgan joriy islohotlar hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining faoliyati bilan atroflicha tanishtirildi.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra ikki tashkilot o‘rtasida Ishchi guruh tashkil etgan holda malaka almashish ishlarini yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi.