logo

Yuqumli kasalliklarni oldini olish va bartaraf etishda umumiy sanitariya tadbirlari tizimida dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya  yetakchi o‘rinni egallaydi.

Dezinfeksiya [dez… va infeksiya], yuqumsizlantirish – yuqumli kasalliklarni qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlar baktriyalar, viruslar va boshqalarni yo‘q qilish. Keng ma’nodagi dezinfeksiyaga odam bilan hayvonlar uchun zararli hasharotlarni yo‘k qilish – dezinseksiya va zararli kemiruvchilarni yo‘q qilish – deratizatsiya ham kiradi. Dezinfeksiya  profilaktik, kundalik, yakunlovchi turlarga bo‘linadi. Profilaktik dezinfeksiya yuqumli kasalliklarning oldini olish maqsadida uy anjomlari, idish-tovoqlarni, jamoat to‘planadigan joylar (bozor, do‘kon, bolalar muassasasi, hammom, oshxona, transport va boshqalarni muntazam ravishda yuqumsizlantirishdir. Suvni yuqumsizlantirish, sutni pasterizatsiya qilish ham profilaktik dezinfeksiyaga kiradi. Bemor yotgan uyda uzluksiz kundalik zararsizlantirish o‘tkaziladi. Yakunlovchi (oxirgi) dezinfeksiya bemor kasalxonaga yotqizilganidan, sog‘ayib ketganidan keyin yoki vafot etganidan keyin amalga oshiriladi. Dezinfeksiyada mexanik, fizik va kimyoviy vositalar qo‘llaniladi.

Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Qoraqalpog‘iston respublikasi,  Toshkent shahar va viloyatlar  boshqarmalari tomonidan profilaktik va kasallik aniqlangan o‘choklarida dezinfeksiya tadbirlari muntazam olib borilmoqda. Jumladan COVID-19 infeksiyasini oldini olish maqsadida kasallik aniqlangan uy o‘choqlarida, davolash profilaktika muassasalarida, maktabgacha ta’lim muassasalarida, kollej, litsey, oliygoxlarda, ishxona va boshqa tashkilotlarda, bozor va savdo majmualari, umumiy ovqatlanish ob’ektlarida, avtobus va avtobus bekatlarida, jome  masjidlarida va mahallalarda profilaktik va epidemiyaga qarshi dezinfeksiya tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida yuqumli kasallik o‘choqlarida yakuniy dezinfeksiya tadbirlarini o‘tkazish uchun 265 647ta buyurtma tushgan, shulardan 246 234tasida (93%) dezinfeksiya ishlari o‘tkazilgan. Ushbu dezinfeksiya tadbirlarini samarali o‘tkazish uchun 24 250 ta o‘choqlarning 8 245tasida (34%) kamerali dezinfeksiya usulida zararsizlantirish ishlari o‘tkazilgan.

Viloyatlar kesimida o‘choqlarda joriy dezinfeksiya ishlarini tashkillashtirish maqsadida normativ bo‘yicha talab etiladigan 2 141 ta avtomaksdan 5 365 tasi (ya’ni ta’minoti 250%) bilan samarali olib borilmoqda.

Namangan, Samarqand, Navoiy, Toshkent viloyatlari (Angren) da – visseral leyshmaniozni oldini olish, Qoraqalpog‘iston respublikasi, Buxoro, Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm, Samarqand viloyatlarida - teri leyshmaniozini olini olish maqsadida  aholi yashash joylari va iskaptoparlarning ko‘payish joylarida , parranda va hayvonlar saqlanadigan xo‘jalik xonalari,  yerto‘lalar, kemiruvchilar inlari, chiqindi to‘plangan joylar, chiqindi solish idishlari va loydan qilingan eski devorlar orasida dezinseksiya va deratizatsiya tadbirlari o‘tkazilmoqda.