Bugun inson hayoti va salomatligini muhofaza qilish muhim masalalardan biriga aylangan. Shu bois sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish masalalari Prezidentimizning doimiy diqqat markazidagi masalalardan bo‘lib kelmoqda.
Respublika OITSga qarshi kurashish markazi mobil klinikasi respublikamizning Qashqadaryo va Surxondaryo viloyati aholisi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi ham xayrli ishlarning namunasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh Davlat sanitariya vrachining 2022 yil 7 yanvardagi 35-8/69-sonli hamda Respublika OITSga qarshi kurashish markazining 2021 yil 19 oktabrdagi 012-05/2663 sonli ko‘rsatma xatlari ijrosini samarali tashkil qilish maqsadida Respublika OITSga qarshi kurash markazining mobil klinikasi ishtirokida aholi o‘rtasida tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Qashqadaryo viloyatining tibbiy ko‘rikka muhtoj aholi hududlari jumladan Mirishkor tumanining Pomiq va Jeynov, Muborak tumanining Qarliq va Xitoy, Nishon tumanining Do‘stlik mahallalari aholisi 6 kun davomida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Viloyatda tashkil etilgan tibbiy ko‘rikka viloyat, tuman davolash profilaktika muassasalarining tor mutaxasislari – oftalmolog, ginekolog, nevropatolog, UTT mutaxassisi, LOR, travmatolog, pediatr, kojvenerolog, kardiolog, endokrinologlar va oftalmologik mobil mashina jalb qilindi. Turli mutaxassislar aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, kerakli tavsiyalarni berishdi.
Respublika OITSga qarshi kurash markazi mutaxassislari – ayollar shifokori, UTTda mahalla fuqarolarini tekshiruvlardan o‘tkazishdi.
Bundan tashqari, Respublika OITS markazi mobil klinikasi shifokor laboranti va Qashqadaryo viloyat OITSga qarshi kurash markazi laboratoriya bo‘limi vrach laboranti va laborantlar bilan birgalikda laborator tekshiruvlar ham amalga oshirildi. Jumladan 1013 nafar fuqaro OIV infeksiyasi, virusli gepatit V va S ga, RW hamda COVID-19 ga ekspress test usulida tekshiruvlardan o‘tkazildi.
Qashqadaryo viloyati mahallalarida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik jarayonida markaz mutaxassislari tomonidan aholi orasida tushuntirish-targ‘ibot ishlari ham olib borildi.
Bu kabi tibbiy ko‘riklar Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Sherobod, Boysun tumanlari mahallalari aholisi o‘rtasida ham o‘tkazildi.
Tumanlarning kartogrammalari ishlab chiqilib, ularda aholi punktlari, sog‘liqni saqlash va viloyat tashkilotlarining joylashuvi, ularning tuman markazidan uzoqligi, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun mobil klinikani joylashtirish mumkin bo‘lgan joylar belgilanib, tumanlar kartogrammalari bazasi yaratildi. Olis qishloq hududlariga borish jadvallari tuzilib, mahalliy hokimliklar bilan kelishildi.
Mobil klinika OIV, virusli gepatit, zaxm va COVID-19 kasalliklari yuzasidan maslahatlar berish, testlar o‘tkazish, so‘ngra ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalariga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun yo‘naltiradi. Mobil klinika viloyatning ayrim qishloq joylariga, jumladan, borish qiyin bo‘lgan tumanlarga ham tashrif buyurdi.
Surxondaryo viloyatining ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalaridan UTT mutaxassislari, ayollar shifokori, terapevt, oftalmolog va yuqumli kasalliklar shifokori kabi mutaxassislar jalb qilindi.
Respublika OITSga qarshi kurashish markazi mobil klinikasi aholini tibbiy ko‘rik va testdan o‘tkazishda tuman tibbiyot birlashmasi tibbiyot xodimlari faol ham qatnashdi. Jumladan: Ayollar shifokori, terapevt, yuqumli kasalliklar shifokori, oftalmolog va UTT shifokori hamda laboratoriya shifokorlari aholini ko‘rikdan o‘tkazib, birlamchi maslahat berishdi.
Shu bilan birga laborator tekshiruvlar ham amalga oshirildi. Jumladan 652 nafar fuqaro OIV infeksiyasiga, virusli gepatit V va S ga, RW hamda COVID-19 ga ekspress test usulida tekshiruvlardan o‘tkazildi.
Hududlarda tashkil etilgan tadbirlarda aholi orasida tushuntirish-targ‘ibot ishlari ham amalga oshirildi. Tibbiy ko‘rikka kelgan fuqarolarga jinsiy yo‘l orqali yuqadigan yuqumli kasalliklar haqida mutaxassislar tomonidan umumiy tushuncha berildi. “OIV/OITS nima?”, “OIV/OITSning oldini olish”, “OIV/OITSga qarshi kurash” haqidagi axborot-ta’lim qo‘llanmalari tarqatildi.
Sanepidxizmat
Matbuot xizmati
▶️@sanepidxizmat