logo

O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatida Sanitariya-epidemiologiya Kengashining 2022 yil 1-chorakka mo‘ljallangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda sohaning quyi tizimigacha bo‘lgan barcha bo‘g‘inlarining mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Videoaloqa konferensiya ko‘rinishida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliev kirish so‘zi bilan ochib berdi. So‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev rahbarligida 2022 yil 18 mart kuni tibbiyot xodimlari bilan o‘tkazilgan “O‘zbekiston tibbiyoti – inson qadri uchun” mavzusidagi uchrashuvda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatida shaffof tizim faoliyatini tashkil etish bo‘yicha zarur choralar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining murojaatnomasini o‘qib eshittirdi.

Sohada bugungi kungacha amalga oshirilgan islohotlar bilan bir qatorda, kelgusida oldimizda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan, ijrosini kechiktirib bo‘lmaydigan istiqbolli vazifalar ham turganini, bu vazifalarni hamjihatlik, birdamlik, halol hamda qonun ustivorligi ruhida amalga oshirish uchun barchadan mas’uliyat va javobgarlik talab etilishi ta’kidlandi hamda mas’ul rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliev oldimizda turgan yagona maqsadlardan biri bu – Sanitariya-epidemiologiya xizmatini korrupsiyasiz tizimga aylantirish ekanligini ta’kidlab, so‘zni O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimi S.Mamanovga berdi.  S.Mamanov korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borilayotgan hozirgi davrda korrupsiya illatini bir yoki ikki idoraning sa’y-harakati bilan yo‘q qilib bo‘lmasligini, qachonki, barcha fuqarolarimiz, jamiyat unga qarshi birgalikda kurashib, uning ildizlarini yo‘q qilishga kirishilsagina ijobiy natijaga erishish mumkinligi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, joriy yil Agentlik tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa vazirlik-idoralar bilan birgalikda “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish yuzasidan 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xarita”lari loyihasi ishlab chiqilgani, loyihada belgilangan maqsad-vazifalar xususida hamda mazkur yo‘nalishda Agentlik hamkorlikda ishlashga mutaxassislarga amaliy yordam ko‘rsatishga doim tayyor ekanligi yuzasidan ma’lumot berib o‘tildi. 

Yig‘ilish davomida Respublika OITSga qarshi kurashish markazi direktori Qahramon Yuldashev Respublika va hududiy OITSga qarshi kurash markazlari tomonidan amalga oshirilayotgan tadbirlar yuzasidan ma’lumot berib o‘tdi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining epidemiologiya bo‘limi boshlig‘i Lyudmila Kudashevaning “Respublikada o‘tkir parenteral va surunkali virusli gepatitlar bilan kasallanish holati va olib borilayotgan profilaktik hamda epidemiyaga qarshi kurash chora-tadbirlari samaradorligi to‘g‘risida”, Respublika o‘lat profilaktikasi markazi direktori Saidmurod Saidalievning “Respublika O‘lat profilaktika markazi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan 2021 yilda amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va kelgusidagi vazifalar”, Sanitariya, gigiena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti direktori vazifasini bajaruvchi Roza Kamilovaning “Sanitariya-gigiena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan amalga oshirilayotgan tadbirlar, mavjud muammolar va kelgusidagi istiqbolli vazifalar” to‘g‘risida ma’ruzalar tinglandi.

Kun tartibidagi masalalar atroflicha muhokama qilinib, bildirilgan fikr-mulohaza hamda takliflarni inobatga olgan holda tegishli qarorlar qabul qilindi.