logo

Ma’lumki, favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda inson hayoti xavf ostida qoladi. Aynan favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish masalasi eng dolzarb masalalardan hisoblanadi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatida “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, aholini va hududlarni muhofaza qilish masalalari” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda shu haqida so‘z bordi.

Unda Favqulodda vaziyatlar vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi Chilonzor tumani bo‘limi xodimlari – Elyor Abdug‘ofurov, Islom Kallibekov, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining bo‘lim boshliqlari hamda xodimlari ishtirok etdi.

Poytaxtimizda Toshkent shahar fuqaro muhofazasi boshlig‘ining 2022 yil 31 martdagi buyrug‘iga asosan joriy yilning 1 aprel – 1 may kunlari “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va fuqaro muhofazasi oyligi” o‘tkazib kelinmoqda.

Tadbir avvalida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining fuqaro muhofazasi bo‘yicha mas’ul xodimi Q.Xalikov so‘zga chiqib, “Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va bartaraf etish, aholi va hududlarni muhofaza qilish masalalari”ga to‘xtalib o‘tdi.

Kundalik turmushimizda insonning xavfli vaziyatlarga tushib qolish ehtimoli katta. Turmushdagi kutilmagan jarohat, transport yoki sanoat avariyasi, yong‘in, suv toshqini, sel oqimi yoki boshqa tabiiy hodisalar bo‘lishi mumkin. Xavf tug‘ilganda tezlikda qanday vaziyat yuz berganligini baholay olish, xavfning favqulodda vaziyatga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik, xavfli vaziyatdan chiqib ketish uchun to‘g‘ri harakat qila bilish alohida ahamiyat kasb etadi. Bunday vaziyatlarning muvaffaqiyatli tugashiga odatda insonning qiyinchiliklarni yengishga bo‘lgan tayyorgarligi hisobiga erishish mumkin. Aholini favqulodda vaziyatda harakat qilishga doimiy tayyorlash albatta jabrlanganlar sonining kamayishiga va moddiy zararning kamayishiga olib keladi.

Tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi Chilonzor tumani bo‘limi xodimlari – Elyor Abdug‘ofurov va Islom Kallibekovlar tomonidan favqulodda vaziyatlarda yuzaga keladigan noxush holatlarda to‘g‘ri harakat qilish asoslari yuzasidan ma’ruzalari tinglandi.

Aholini tabiiy va is gazidan zaharlanish, gaz-havo aralashmasining chaqnashi va yong‘in hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, mavsumiy sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Hayotiy misollar keltirib o‘tildi. Korxona va tashkilotlar, turar-joylarda belgilangan qoidalarga amal qilish, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda qanday to‘g‘ri harakat qilish yuzasidan tushunchalar berildi.

Tadbir davomida mavzu yuzasidan videorolik namoyish etildi. Ogohlik, to‘g‘ri harakat har qanday vaziyatda qo‘l kelishi tushuntirib o‘tildi.

Ma’lumki xodimlarning mehnat huquqlari “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunda belgilab o‘tilgan. Mehnat muhofazasi va yong‘in xavfsizligi ishlarini tashkil etishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining mehnat muhofazasi va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha muhandisi Hamroqul Komilov batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

Hamroqul Komilov “Mehnat muhofazasi va yong‘in xavfsizligi ishlarini tashkil etish” mavzuidagi ma’ruzasida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining barcha toifalariga  ishga qabul qilingan xodimlar mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik choralariga alohida to‘xtaldi.

Ishni boshlashdan oldin va ish paytida, favqulodda vaziyatlarda, ish oxirida xavfsizlik talablari eslatib o‘tildi.

Bundan tashqari mehnat faoliyatiga doir kirish, ish joyida, navbatdan tashqari kabi yo‘riqnomalar bilan tanishtirib o‘tildi. Bu yo‘riqnomalar asosida ish olib borilishi va har bir xodim yo‘riqnomadan o‘tmasdan, shu to‘g‘ridagi yo‘riqnoma kitobiga imzolar qo‘yilganini tasdiqlash muhimligi ta’kidlab o‘tildi.

Tadbir so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.

 

Sanepidxizmat

Matbuot xizmati

 

@sanepidxizmat