logo

COVID-19 infeksiyasining «Kraken» yangi subvarianti haqidagi savollarga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bosh mutaxassisi Klara Radjapboyeva javob berdi.

– Yangi subvariant birinchi marta qayerda aniqlangan?

– Birinchi marta “Kraken” yoki “XBB.1.5” 2022 yil 22 oktabrda Amerika Qo‘shma Shtatlarida aniqlangan. Amerika Qo‘shma Shtatlaring kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) tomonidan koronavirusning  yangi “XBB.1.5” subvarianti hozirgi kunda COVID-19  holatlarining 41 foizini tashkil etayotganligi taxmin qilinmoqda. “Kraken” – bu Omikron koronavirus variantining yana bir yangi subvarianti hisoblanadi. Koronavirusning  Omikron varianti butun dunyoda dominant bo‘lib, u o‘z navbatida 2021 yil oxirida paydo bo‘lib, oldingi virus variantlarini – “Alfa”, “Beta” va “Delta” o‘rnini bosdi. Yangi subvariant rasman “XBB.1.5” va ommabop “Kraken” deb nomlanadi va ushbu subvariant  koronavirus infeksiyasining VA.2.75 va VA.2.10.1 ikkita boshqa variantlari parchalarining birlashishi natijasi paydo bo‘lgan.

– Nima uchun koronavirus infeksiyasining yangi subvarianti "Kraken" deb nomlangan?

– Koronavirusning yangi paydo bo‘layotgan variantlari yetarlicha bir-biridan farq qilmasligi sababli Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ilgari qo‘llanilgan yunoncha harflardan foydalanishni to‘xtatdi. Yangi shtammlar tobora tez tarqalib borar ekan, Guelf universiteti (Kanada) biologiya professori Rayan Gregorining fikricha, yangi subvariantni tasvirlash uchun "omikron" atamasidan foydalanish mos kelmasligini ma’lum qilgan. U COVID-19ning yangi subvariantini “Kraken” deb atadi. Olim bir necha oy davomida jamoatchilik uchun viruslarning yangi shtammlarini tushunarli bo‘lishi uchun COVID-19ning murakkab shtammlari uchun "ko‘cha nomlari"ni ishlab chiqish ustida ishladi. Butun dunyo olimlari ishtirokida Gregori yunon mifologiyasi va boshqa olamlardagi taxalluslar ro‘yxatini tuzdi. “Kraken” – kitoblar, filmlar, o‘yinlar va boshqa san’at asarlarida paydo bo‘ladigan ulkan o‘lchamdagi afsonaviy dengiz yirtqich hayvonining nomi.

– Yangi subvariant "Kraken" qaysi mamlakatlarda ro‘yxatga olingan?

– JSST “Kraken”ni koronavirusning eng yuqumli turi deb hisoblaydi. AQSHda virusning ushbu subvarianti juda jadal tarzda tarqaldi, har to‘qqiz kunda bu holatlar ikki baravar ko‘paydi. Ushbu subvariant dunyoning 30 ta davlatida ro‘yxatga olingan. Jumladan Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Avstriya, Belgiya, Chexiya, Daniya, Fransiya, Germaniya, Islandiya, Irlandiya, Italiya, Niderlandiya, Portugaliya, Ruminiya, Sloveniya, Ispaniya, Shvesiya va boshqalar. Rossiyada joriy yilning 12 yanvarida “Kraken” subvariantining birinchi holati qayd etildi, deb xabar berdi Rospotrebnadzor.

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasining yangi subvarianti “Kraken” aniqlanmadi.

– Hozirda O‘zbekistonda qayd etilgan koronavirusning asosiy shtammi qaysi?

– Respublikamizda virus genomini o‘rganish (sekvenirlash) bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillarning 100 foizida “Omikron” shtammining “Stels-Omikron” VA.5 varianti aniqlangan.

– Bugungi kunda O‘zbekistonda qaysi yosh toifalari koronavirusga ko‘proq moyil?

– Butun dunyoda bo‘lgani kabi bolalar, 65 yoshdan oshgan qariyalar, shuningdek, surunkali kasalliklar va onkologik kasalliklarga chalinganlar koronavirusga moyilligi yuqori.

– Virusning tarqalish tezligi...

– Agar "Kraken" koronavirus infeksiyasining boshqa shtammlaridan qanday farq qilishi haqida gapiradigan bo‘lsak, uning tarqalish tezligini ta’kidlash kerak. Koronavirus endilikda “omikron” ichida rivojlanadi va virusning yangi individual variantlarini yaratmaydi, shuning uchun yangi shtammlar o‘z xususiyatlariga ko‘ra “omikron”ga yaqin bo‘lib qoladi, ular faqat yuqumliligi (odamlarni yuqtirish qobiliyati) bilan ajralib turadi. Ya’ni, virusning har bir keyingi paydo bo‘ladigan subvariatlari yanada yuqumli bo‘ladi. “Kraken” subvariantini omikroning boshqa ma’lum modifikatsiyalari o‘rtasidagi asosiy farq odamni yuqtirish qobiliyatining yuqoriligidir. Shuningdek, u havo tomchilari orqali yuqadi, kasallikning kechishi omikron shtammining boshqa variantlariga o‘xshaydi. Mutatsiya (virus genomidagi doimiy o‘zgarish) tufayli uning tarqalish tezligi yanada yuqori bo‘ldi. Shuningdek, ushbu shtammni yuqtirish ancha osonlashdi, garchi uning oqibatlari unchalik qo‘rqinchli bo‘lmasada. Dunyo olimlari o‘rganishlari natijalariga ko‘ra virus qanchalik yuqumli bo‘lsa, u shunchalik kam zaharli va o‘lim holatlari juda kam.

– Klinik ko‘rinishlari va belgilari...

"Omikron" shtammining boshqa variantlari singari, "Kraken" simptomlari mavsumiy o‘tkir respirator virusli infeksiyalarga o‘xshaydi. U quyidagi simptomlarga ega:

- haroratning 38 darajaga ko‘tarilishi, ba’zan undan ham yuqori;

- burun bitishi;

- tumov;

- aksa urish;

-tomoq og‘rig‘i;

- mushaklar va bo‘g‘imlarda og‘riqlar;

- ishtahaning yo‘qolishi;

- holsizlik;

- yo‘tal;

- bosh og‘rig‘i;

 - ba’zida diareya.

– Yangi shtamm nimalari bilan xavfli, uning umuman odam organizmiga  ta’siri qanday?

– "Omikron"ning oldingi subvariantlari kabi, kasallik yengil kechadi. Ammo shunga qaramay, aholining zaif guruhlari, ya’ni xavf guruhlarida (bolalar, qariyalar, shuningdek, surunkali kasalliklarga chalingan odamlar) kasallik og‘ir kechishi mumkin. Shunga qaramasdan ko‘pchilikda kasallik yengil kechishi va simptomsiz kechishi mumkin. JSST ekspertlarining fikricha, yangi infeksiya o‘limning yangi to‘lqinlariga olib kelmasligi aytilgan. Boshqa shtammlarda bo‘lgani kabi XBB.1.5 "Kraken" ham odam organizmidagi tabiiy immunitetini, shuningdek, vaksinalar bilan ta’minlangan himoyani chetlab o‘tishga qodir. U COVID-19ning oldingi variantlari bilan kasallanganlarga ham yuqishi mumkin va qayta kasallanish holatlari kuzatilishi mumkin.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra yangi shtammning yana bir xavfi shundan iboratki, kasallanishning o‘sishi dunyoda gripp va respirator-sinsitial virusning og‘ir davriga to‘g‘ri kelishi va XBB.1.5 subvarianti va oldingi variantlari holatlari o‘rtasida sezilarli darajada farqlar mavjud emasligi ma’lum qilingan. Shu sababli, JSST aholi salomatligiga ko‘proq e’tiborni COVID-19 infeksiyasi va o‘tkir respiratorli infeksiyalar o‘rtasidagi differensial tashxisga qaratishni tavsiya qiladi. Shu bilan birga, JSST ushbu kichik variantni odatdagi Omikrondan ko‘ra jiddiyroq yoki zararli deb hisoblash uchun hech qanday sabab yo‘qligini ta’kidlaydi.

– Vaksina bu shtammdan himoya qilmaydi  degan gaplar haqiqatmi?

– Vaksinalar haqida unutish, albatta, tavsiya etilmaydi. Mavjud vaksinalar yangi shtammlarga nisbatan samarasi kamroq bo‘lsa ham, ular kasallikning og‘ir kechishini va koronavirusdan keyingi asoratlar xavfini kamaytiradi.

– Hozirda koronavirus qanday davolanmoqda? Antibiotiklarni qabul qilish kerakmi?

– COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash metodik qo‘llanmalarga (10-versiya) muvofiq amalga oshiriladi. Davolash qat’iy ravishda shifokor tomonidan belgilanadi va faqat shifokor uyda yoki shifoxonada davolanishni aniqlaydi. Har qanday holatda ham siz  o‘zboshimchalik qilib o‘zingizga antibiotiklarni buyurmasligingiz kerak. Koronavirus infeksiyasini viruslar keltirib chiqaradi va antibiotiklar viruslarga ta’sir qilmaydi. Virus tananing immunitetini zaiflashtirganda, bakteriyalar faollashadi va virusli-bakterial aralash pnevmoniya paydo bo‘ladi. Bunday hollarda antibiotikni qo‘llash kerak, ammo davolovchi shifokor tomonidan belgilanganidan keyin. Gap shundaki, ushbu dorilarning har biri (antibiotiklar) salbiy ta’siri va asoratlarga ega. Bundan tashqari, turli xil antibiotiklar turli kasalliklarga ta’sir qiladi, shu sababli ular faqat mutaxassislar tomonidan tanlanishi kerak. Agar siz shifokor bilan maslahatlashmasdan antibiotiklarni qabul qilishni boshlasangiz, sog‘lig‘ingizning bitta muammosi o‘rniga, yana bir nechtasi paydo bo‘ladi: allergiya, disbakterioz, yurak, jigar, buyraklar, oshqozon-ichak traktining buzilishi.

– Koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash va qayta emlash...

– Respublikada COVID-19ga qarshi emlash jarayoni 2021 yil 1 apreldan hozirgi kungacha davom etmoqda. Emlanishi zarur bo‘lgan  aholining 83 foizi emlashning to‘liq  kursini olgan. Ayni paytda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi yetarli miqdorda vaksinalar mavjud bo‘lib, respublikamiz aholisini emlash, jumladan, revaksinatsiya va buster dozalarni olish davom etmoqda.

Sanepidqo‘mita

Axborot xizmati

@sanepidcommittee