logo

    Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Milliy referens laboratoriyaning toksikologiya laboratoriyasida tuzilishi jihatidan turli kimyoviy guruhlarga kiruvchi yangi moddalarni, shuningdek tarkibida kimyoviy moddalar tutuvchi mahsulotlarni zaharliligi tajriba hayvonlarida sinab ko‘riladi va olingan natijalar asosida ularning inson organizmiga ta’siri belgilanadi. Sinovlarda tajriba hayvonlaridan oq sichqon, oq kalamush, dengiz cho‘chqasi, quyonlardan foydalaniladi. Toksikologik tekshiruvlar rasmiy tasdiqlangan uslubiy qo‘llanmalar, xalqaro standartlar va uslubiy ko‘rsatmalar asosida o‘tkaziladi. Ularga muvofiq har bir yangi modda (mahsulot) kamida birlamchi toksikologik baholash hajmida o‘rganilishi shart hisoblanadi.

    Hozirgi kunda toksikologiya laboratoriyasi kimyoviy moddalar va tarkibida kimyoviy moddalar tutuvchi mahsulotlarga birlamchi toksikologik xulosa berishdan tashqari keng qamrovli toksikologik, fiziologik, biokimyoviy, patomorfologik usullarni qo‘llagan holda tibbiy-biologik tekshiruvlar o‘tkazish  va toksikologik xulosa berish imkoniyatiga ega.

Kimyoviy moddalarning zaharliligi(xavfliligi)ga baho berishda ularni  hayvonlar jismiga turli yo‘llar, ya’ni  og‘iz orqali yuborilgandagi,  teri va ko‘z orqali tushgandagi ta’siri o‘rganiladi. Ularning o‘rtacha o‘lim chaqiruvchi doza(konsentrasiya)si, teriga mahalliy ta’siri, teri orqali organizmga so‘rilishi, ko‘zning shilliq qavatiga ta’siri kabi toksikologik ko‘rsatkichlari baholanadi.

Toksikologik tekshiruv natijalariga binoan  har bir o‘rganilgan moddaning xavflilik sinfi aniqlanadi. Agarda u o‘ta xavfli sinfga kirsa yoki boshqa birorta o‘ziga xos, hayot uchun xavfli ta’siri bo‘lsa ta’qiqlanadi. Xavfliligi o‘rtacha yoki kam bo‘lgan sinfga kirsa  qo‘llash uchun tavsiya etiladi. Kimyoviy moddalarning salbiy ta’sirini oldini olish ehtiyot choralari belgilanadi.

Sanepidqo‘mita

Axborot xizmati

 @sanepidcommittee