logo

Bugun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasida Suv va salomatlik muammolari bo‘yicha Protokol yuzasidan anjuman o‘tkazildi.

Anjumanning asosiy maqsadi Protokoldan kelib chiqadigan asosiy majburiyatlarni muhokama qilish zarurati va unga qo‘shilishning huquqiy natijasi, shuningdek, Protokolga qo‘shilish va uning qoidalarini amalda qo‘llashning potensial foydalariga qaratildi.

Mazkur yig‘ilish Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi qo‘shma kotibiyati va JSST Yevropa mintaqaviy byurosi tomonidan xalqaro ekspertlar ishtirokida tashkil etildi.

O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YeIK) va JSST tomonidan qabul qilingan Suv va salomatlik bo‘yicha Protokolga muvofiq o‘tkazilayotgan ko‘plab tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. Protokolning maqsadi suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish orqali aholi salomatligi va farovonligini muhofaza qilishni ta’minlash, suv bilan bog‘liq kasalliklarning oldini olish va nazorat qilishdan iborat.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, yer yuzida 2,2 milliard odam toza ichimlik suvidan foydalana olmaydi (JSST / YUNICYeF, 2019). Deyarli 2 milliard kishi asosiy suv ta’minoti bo‘lmagan sog‘liqni saqlash muassasalaridan foydalanadi (JSST/YUNICYeF, 2020).

Butun Markaziy Osiyo mintaqasi kabi O‘zbekiston Respublikasi uchun ham toza suv muammosi atrof-muhit gigiyenasi va sanitariyasining boshqa masalalari qatorida dolzarb muammo bo‘lib kelgan.

O‘zbekiston Respublikasi ushbu Protokolni imzolamagan bo‘lishiga qaramay, mamlakatimiz hukumati tomonidan aholiga ichimlik suvi sifatini yaxshilash va ichimlik suvi manbalarini turli ifloslanishlardan himoya qilishni ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Yuqori sifatli ichimlik suvini zarur miqdorda va uning xavfsiz sifati bilan ta’minlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2022 yilga kelib qishloq aholisining deyarli 70 foizi ushbu xizmat turidan foydalanmoqda. Shu bilan birga, 3,5 millionga yaqin aholi markazlashtirilgan suv ta’minoti bilan ta’minlanmagan va buloqlar, daryolar, kanallar ichimlik suvidan foydalanishga yoki chetdan keltirilgan suvdan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, Barqaror Taraqqiyot Maqsadi (BTM) №3 (salomatlikni ta’minlash) va BTM №6 (suv ta’minoti va sanitariya) suv orqali yuqadigan kasalliklarga qarshi kurashish va  xavfsiz boshqariladigan ichimlik suvi va sanitariya xizmatlaridan hamma uchun universal va teng foydalanishga erishishga qaratilgan.

Protokol mamlakatlarning 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibining yuksak maqsadlariga bosqichma-bosqich erishish yo‘lida harakat qilishi uchun amaliy asos yaratadi va ularni hukumat darajasidagi barcha siyosatlarda, xususan, mamlakat ehtiyojlari, ustuvorligi va imkoniyatiga mos keladigan maqsadlarni belgilash orqali ustuvor ahamiyatga ega.

Ma’lumki, Protokolning asosiy maqsadi barcha darajalar va barcha tarmoqlar o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali suv resurslaridan foydalanishni takomillashtirish hamda suv bilan bog‘liq kasalliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish orqali aholi salomatligi va farovonligini muhofaza qilishni ta’minlashdan iborat.

Mazkur anjuman barcha manfaatdor vazirlik va idoralarning toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va aholi salomatligini asrash borasidagi salohiyatini oshirishga yordam beradi. Va uning natijalari O‘zbekistonga Protokolga qo‘shilish to‘g‘risida qaror qabul qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirish va suv ta’minoti tizimlari ishini xavfsiz tashkil etish sohasida aniq maqsadlarni ishlab chiqishga yordam beradi. Bu esa suv va salomatlikni saqlash sohasidagi milliy ustuvorlikni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Sanepidqo`mita

Axborot xizmati

 @sanepidcommittee