Koronavirus infeksiyasi to‘g‘risida nimalarni bilish kerak? COVID-19 bilan bog`liq savollarga Samarqand viloyati Sanepidxizmat boshqarmasi Virusologiya laboratoriyasi mudiri Yu.Obloqulova javob berib o`tdi.
Kasallik qanday yuqadi?
Maʼlumki, koronavirus infeksiyasi havo-tomchi va muloqot (kontakt) yo‘llari orqali yuqadi. Virus havoda aylanib yurmaydi, balki odamdan odamga yuqadi. Virusning uzoq masofadan yuqish ehtimoli juda past. Virus odam yo‘talganda yoki aksirganda yuzaga keladigan tomchilarda bo‘ladi. Masofa – xavfsizlik garovi bo‘lib, epidemik zanjirni uzish omilidir. Agar siz yo‘talgan yoki aksirgan bemordan ikki metrdan oshiq masofada bo‘lsangiz, infeksiya sizga yuqmaydi.
Kontakt – koronavirus infeksiyasini yuqtirishning asosiy yo‘li hisoblanadi
Aksariyat hollarda virus kasallangan odamning nafas yo‘llaridan chiqqan ajratmalar tekkan predmetlarni (ro‘molcha, qo‘lqop, telefon, eshik va zinapoya tutqichlari, hayvonlar, go‘sht, baliq) ushlashdan so‘ng ko‘z, burun shilliq pardalari va qo‘llarga yuqadi.
Hayvonlardan yuqishi mumkinmi?
Uy hayvonlari, masalan, it yoki mushuk koronavirus infeksiyasini tashuvchisi bo‘lishi mumkinligi haqida rasmiy dalillar yo‘q. Biroq, uy hayvonlari bilan kontaktdan keyin qo‘lingizni sovun bilan yuvishingizni maslahat beramiz. Bu sizni uy hayvonlaridan yuqishi mumkin bo‘lgan qator kasalliklardan himoya qiladi.
Virus mevalar orqali yuqadimi?
Mevalarda virus uzoq vaqt saqlanib turolmaydi, mevalar orqali kasallikning yuqishi haqida dalillar yo‘q. Eslatib o‘tamizki, mevalarni yaxshilab yuvib, isteʼmol qilish har doimgi odat bo‘lishi kerak.
Ochiq muhitda virus qancha yashaydi? Qanday qilib virusni zararsizlantirish mumkin?
Virus 3 soatdan bir necha kungacha tashqi muhitda, muayyan muddatlar va bir qator sharoitlarga bog‘liq holda tirik turishi mumkin. Masalan, tashqi muhitning turi, harorati va namligi. Shuning uchun buyumlar sirtlarini, eshik tutqichlarini, texnik asboblarni, yuz sohasi bilan kontaktda bo‘lganligi uchun mobil telefonlarni va shunga o‘xshash narsalarni dezinfeksiya qilish muhimdir.
Koronavirusning infeksiyasi tufayli kelib chiqqan kasalliklar qayd etilgan mamlakatlardan jo‘natmalarni qabul qilish xavflimi?
Yuqish ehtimoli juda past. Jo‘natma orqali koronavirus infeksiyasi yuqmaydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan boshqa davlatlardan tovarlarni olib o‘tish va tashishda hech qanday cheklovlar tavsiya etilmagan. Xitoy Xalq Respublikasiga pochta jo‘natmalar yuborish va qabul qilish odatdagidek amalga oshirilmoqda.
Tashxis qanday qo‘yiladi? Test-tizim (PZR)
Dastlabki bosqichda koronavirus infeksiyasi boshqa o‘tkir respirator infeksiyalar kabi belgilarga ega. Koronavirus infeksiyasini faqat maxsus test-tizimlar yordamida aniqlash mumkin.
Alomatlar…
Tana haroratining ko‘tarilishi, quruq yo‘tal, nafas siqilishi, hansirash va kasallik qayd etilgan davlatdan kelganligi yoki o‘sha davlatdan kelgan odam bilan kontaktda bo‘lganligi.
Asoratlar…
Odamlarning 80 foizida kasallik yengil kechadi. Koronavirusning yangi shtammlari og‘ir shakldagi pnevmoniyaga olib kelishi mumkin. Shuning uchun uning xavflilik darajasi yuqori.
Tashxis
Agar siz koronavirus kasalligi aniqlangan mamlakatdan qaytgan bo‘lsangiz yoki kasallangan odam bilan muloqot qilgan bo‘lsangiz, shifokoringizga bu haqida xabar bering.
Karantin qoidalari yumshatilganiga qaramasdan, ogohlik davr talabi ekanligini unutmagan. O‘zingiz va yaqinlaringiz sog‘ligiga befarq bo‘lmang! Odamlar gavjum joylarda niqob taqishni unutmang! Sizning salomatligingiz biz uchun muhim!
Sanepidxizmat
Matbuot xizmati
@sanepidxizmat