«Baliqni qayta ishlash korxonalari uchun sanitariya qoidalari» tasdiqlandi.
Ushbu sanitariya qoidalari va normalarining asosiy maqsadi — baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning joylashuvi, sanitariya-texnik holatiga, shuningdek, ishlab chiqarishda mehnat sharoitlariga qo‘yiladigan sanitariya-epidemiologik talablarni belgilash orqali baliq mahsulotlarining yuqori sifati va xavfsizligini ta’minlash hisoblanadi.
Ushbu yangi talablar bilan tadbirkorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi ayrim talablar olib tashlandi.
Jumladan, dezinfeksiya vositalari saqlanadigan xonalarning mikroiqlimiga bo‘lgan talablar, texnik sexlar va ishlab chiqarish sexlari orasida kamida 100 m masofa bo‘lishi, ishlab chiqarish binolarining balandligi 4-8 metr atrofida bo‘lishi bekor qilindi.
Shuningdek, hujjat bilan quyidagi sanitariya-gigiyena talablari belgilandi.
Endilikda mahsulot ifloslanishining oldini olish, qayta ishlash vaqtini kamaytirish va xom ashyo hamda tayyor mahsulotning o‘zaro ifloslanishining oldini olish uchun korxona konveyer tipida qurilishi zarur.
Baliqni qayta ishlash korxonasining (sex) xo‘jalik, mahalliy, yomg‘ir suvlaridan hosil bo‘ladigan oqavalari umumiy kanalizatsiya tarmog‘iga tozalangan holda chiqarilishi kerak.
Ishlab chiqarish jarayonining barcha bosqichlari texnologik zanjirning alohida bosqichlari bilan kesishmasligi kerak.
Baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish sexlari texnik mahsulotlar ishlab chiqaradigan sexlardan to‘liq ajratilishi va alohida kirish joylari va maishiy xonalari bo‘lishi kerak.
Baliqni qayta ishlash korxonalariga zarur bo‘lgan qo‘shimcha xom ashyo, oziq-ovqat mahsulotlari gigiyenik va epidemiologik xavfsizlik talablariga javob berishi kerak.
Barcha sanoat, ma’muriy va ichki binolar ventilyatsiya (tabiiy, mexanik qo‘zg‘atuvchi yoki aralash) bilan ta’minlanishi kerak.
Shuningdek, sanoat va maishiy oqava suvlarni tegishli tozalash va zararsizlantirmasdan suv omborlariga tushirish taqiqlanishi belgilandi.
Sanepidxizmat
Matbuot xizmati
@sanepidxizmat