logo

Yod inson organizmining aqliy rivojlanishi uchun juda muhim bo‘lgan element hisoblanadi!

Yod tanqisligi kasalliklari – patologik holat bo‘lib, qalqonsimon bezning disfunksiyasi bilan bog‘liq holda organizmda yodning yetarli darajada iste’mol qilinmasligi bilan bog‘liq jarayon hisoblanadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yod tanqisligini o‘tkir global tibbiy-ijtimoiy va demografik muammo deb hisoblaydi. Chunki, O‘zbekiston Respublikasining butun hududini o‘z ichiga olgan endemik hududlarning (130 dan ortiq mamlakatlarda) barcha aholisi yod tanqisligi kasalliklari rivojlanish xavfi ostida yashaydi.

Mazkur tashkilotning xulosasiga ko‘ra, dunyo aholisining 1/3 qismidan ko‘prog‘ida yod tanqisligi kasalliklari rivojlanish xavfi yuqori, shu bilan birga 740 million aholida yod tanqisligi kasalliklari (bo‘qoq) ko‘rinishlari mavjud bo‘lsa, 50 million aholi miya disfunksiyasi va aqliy zaiflikka ega.

Aslida yodga bo‘lgan ehtiyoj:

* chaqaloqlarda kuniga 50 mkg,   

* 1 yoshdan 6 yoshgacha  bo‘lganlarda 90 mkg,

* 7 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lganlarda 120 mkg,

* o‘smirlar va kattalarda 150 mkg ni tashkil qiladi.

Homiladorlik va laktatsiya davrida yodga bo‘lgan ehtiyoj kuniga 200-300 mkg gacha ortadi, chunki ona organizmi yodni homila yoki emizikli bola bilan bo‘lishadi.

Tanadagi yodni iste’mol qilishning moʻtadil kamayishi va qonda qalqonsimon gormonlar konsentratsiyasining pasayishi sharoitida ham bolaning miyasi rivojlanishining buzilishi sodir bo‘lishi, ya’ni yod tanqisligi bilan bog‘liq og‘ir klinik kasalliklar,  xususan endemik buqoq va kretinizm, aqliy zaiflik, perinatal va chaqaloqlar o‘limining ko‘payishi  kabilar kuzatilishi mumkin.

Yod tanqisligi tug‘ma gipotireoz bilan kasallanish darajasini oshiradi, homila va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda miyaning qaytarilmas shikastlanishiga, aqliy zaiflikka olib keladi. JSST ekspertlarining fikricha, yod tanqisligi aqliy zaiflikning eng keng tarqalgan sababi bo‘lib, faqat oqilona yondashish orqali uning oldini olish mumkin.

Ammo unutmaslik kerakki, yod tanqisligi mavjud bo‘lgan hududlarda yashovchi barcha aholining intellektual salohiyati pasayishi bu muqarrar hisoblanadi.

Jahonda yod tanqisligini bartaraf etish bilan shug‘ullanadigan nodavlat, notijorat tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra dunyoning 96 dan ortiq mamlakatlarida tuzni majburiy yodlash strategiyasi mavjudligi va uning qonunchilikda belgilab qo‘yilgani, hozirgi paytda ushbu muammoni hal qilish yo‘llaridan biri bo‘lishi mumkin.

Tuz kabi mahsulotni yodlash tasodifan tanlanmagan.

Chunki tuz kunlik iste’mol qilinadigan mahsulot bo‘lib shu orqali insonning kundalik yodga bo‘lgan ehtiyojini qondirish mumkin!

Avlodlaringiz ziyoli va olim insonlar bo‘lishini istasangiz albatta yodlangan tuz iste’mol qiling!

 

Sanepidxizmat

Matbuot xizmati

⏩@sanepidxizmat