logo

Virusli gepatitning B va C turlari - yuqumli kasallik bo‘lib, bunda viruslar jigar hujayralarini jarohatlaydi. Kasallik qo‘zg‘atuvchisi bo‘lgan viruslar odam tanasiga qon va jinsiy yo‘llar orqali o‘tadi. Organizmga virus tushishi bilan kasallik to‘satdan boshlanmaydi. Dastlab virus organizmda ko‘payib, jarayon klinik belgilarsiz kechadi, buni kasallikning yashirin davri deb ataladi. Gepatitning B va C turlarida yashirin davr 6 oygacha davom etishi mumkin.

KASALLIKNING YUQISH YO‘LLARI VA KELTIRIB CHIQARUVCHI OMILLARI:

-   igna va shprislardan umumiy foydalanganda (giyohvand moddalarni tomir orqali qabul qilish);

-   virusli gepatit kasalligi qo‘zg‘atuvchilarini tashib yuruvchi shaxslar bilan jinsiy aloqada bo‘lganda;

-   virus  bilan  zararlangan  qon va qon mahsulotlarini quyilganda;

-   tish cho‘tkasi, soqol olish, tirnoq tozalash va olish anjomlaridan umumiy foydalanilganda;

-   zararsizlantirilmagan tibbiy asbob-anjomlar orqali turli xil tibbiy (stomatologik, ginekologik, jarrohlik va h.k.) muolajalar olish jarayonida;

-   onadan bolaga homiladorlik davrida va tug‘ruq vaqtida ham yuqishi mumkin.

Kasalik alomatlari:

•   umumiy holsizlik;                                                     

•   ishtahaning yo‘qolishi;                               

•   ko‘ngil aynishi;                                                                   

•   qayd qilish;

•         ko‘z sklerasining sarg‘ayishi;

•   shilliq qavat va teri rangining sarg‘ayishi;

•   oyoq bo‘g‘imlarining og‘rishi;

•   ba’zida shamollash belgilari bilan ham namoyon bo‘lishi mumkin.

     Kasallikning vaqtida aniqlanmasligi va davolanmasligi jigar faoliyatining buzilishlari bilan kechadigan jigar sirrozi kabi og‘ir asoratlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu sababli kasallining ilk belgilari sezilsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish va uning tavsiyasiga ko‘ra davo-muolajalarini olish kerak.

PROFILAKTIK TADBIRLAR:

   bolalarni emlash kalendari asosida o‘z vaqtida gepatit-B ga qarshi emlatish;

   shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish;

   tish cho‘tkasi, soqol olish, tirnoq tozalash va olish anjomlaridan faqat alohidalikka e’tibor qilgan holda foydalanish;

   tibbiy davo-muolajalarini olish jarayonida bir marta ishlatiladigan shpris va tibbiy asbob-anjomlardan foydalanish;

   kashandalik, giyohvandlik va ichkilikbozlik kabi zararli illatlardan yiroq bo‘lish.

Sanepidxizmat

Matbuot xizmati

️@sanepidxizmat