logo

BRIFING: KORONAVIRUS KASALLIGI BO‘YICHA MAMLAKATIMIZDAGI HOLAT VA KO‘RILAYOTGAN CHORA-TADBIRLAR

AOKAda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Atabekov ishtirokida “Koronavirus kasalligi bo‘yicha mamlakatimizdagi holat va ko‘rilayotgan chora-tadbirlar” yuzasidan brifing o‘tkazildi.

Joriy yil 23 noyabr holatiga koronavirus bilan kasallanganlar soni 245 665 nafarni tashkil etib, ulardan 243 234 nafari (99,1 foiz) sog‘aygan, 1 637 nafari (0,6 foiz) vafot etgan.

So‘ngi 7 kunlikda statsionarga yotqizilgan bemorlar soni 482 nafarni, davolanib chiqqanlar soni 358 nafarni, karantinga olingan 2 310 nafarni va karantindan chiqarilgan 1 306 nafarni tashkil etdi.

Hozirda COVID-19ni davolashga ixtisoslashgan shifoxonalarda 539 nafar bemor qolmoqda, uy sharoitida davolanayotganlar esa 187 nafarni tashkil etmoqda.

So‘ngi 14 kunlik tahlilda kasallikning tarqalganlik darajasi 2,0 ni (JSST ekspertlari xulosasiga ko‘ra bu ko‘rsatkich 1,0 gacha bo‘lsa vaziyat barqarorligini anglatadi) tashkil etmoqda.

Ro‘yxatga olingan kasalliklarning yoshma-yosh tahlili: 0-14 yoshgacha bo‘lganlar 12,5 foizni, 15-19 yoshdagilar 2,1 foizni, 20-29  yoshdagilar 37,5 foizni, 30-39  yoshdagilar 15,6 foizni, 40-49  yoshdagilar 11,5 foizni, 50-59  yoshdagilar 9,3 foizni, 60 yosh va kattalar 11,5 foizni tashkil etdi.

Respublikamizda virus genomini o‘rganish (sekvenlash) bo‘yicha o‘tkazilgan so‘ngi tahlillarning 100,0 foizida “omikron” shtammining “Stealth-Omicron” BA.5 varianti aniqlangan.

O‘zbekiston Respublikasida ham gripp va o‘tkir respirator infeksiyalar 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumida koronavirus infeksiyasi bilan miks-infeksiya kasalligi sifatida, aynan emlanmagan aholi hamda surunkali kasalliklari mavjud bo‘lgan fuqarolar o‘rtasida qayd etilishi kuzatilmoqda.

Emlash tadbirlari uchun jami 73,0 mln. doza vaksina (45,4 mln. doza olib kelingan, 27,6 mln. doza ishlab chiqarilgan) olib kelinib, ishlab chiqarildi.

2022 yil 22 noyabrga qadar jami 72,3 mln. doza vaksina ishlatildi. Birinchi doza bilan emlanish ko‘rsatkichi emlanishi rejalashtirilgan qatlamga nisbatan 99,3 foizni, to‘liq bosqichlarda emlanish ko‘rsatkichi esa 82,3 foizni tashkil qilmoqda.

Shuningdek, buster doza bilan emlanganlar – 16,9 mln. nafarni (rejaga nisbatan – 78,9 foiz) tashkil etmoqda.

Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirish davom ettirilmoqda.

Epidemik vaziyat to‘liq nazoratga olingan bo‘lib:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan birgalikda, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologiya xizmati va hududiy boshqarmalarida koronavirus, gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiyalar bilan kasallanishning oldini olish va qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirish shtablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi;

sog‘liqni saqlash tizimida mehnat qilib kelayotgan olimlar va yuqori malakali mutaxassislar tomonidan koronavirus infeksiyasining hozirgi vaqtda tarqalayotgan shtammlarining xususiyatlari va unga qarshi ehtiyot choralari yuzasidan maqolalari, radio-televideniye orqali chiqishlari tashkil qilindi; 

birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tomonidan koronavirus infeksiyasi aniqlangan hollarda bemor bilan muloqotda bo‘lganlar bilan ishlash tizimi, karantinga olingan fuqarolar va ularning oila a’zolarining kunlik tibbiy nazorati kuchaytirildi;

hududlarda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun shifoxonalar xatlovdan o‘tkazilib, tibbiy uskunalar va dori-vositalari zahirasi shakllantirildi;

koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni tashhislash, davolash va profilaktikasi yuzasidan tibbiyot xodimlarining hushyorligi oshirildi;

ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali aholi o‘rtasida gripp va o‘tkir respirator kasalliklarini tarqalishining oldini olish bo‘yicha tushuntirish-targ‘ibot ishlari kuchaytirildi;

respublikada koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash ishlari jadallashtirildi;

ommaviy tadbirlar va yig‘ilishlarni o‘tkazilishini kamaytirish tavsiya etildi;

yopiq binolarda tibbiy niqoblardan foydalanish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish, qo‘llarni antiseptiklar bilan zararsizlantirish tadbirlarini ahamiyati yuzasidan tushuntirish-targ‘ibot ishlari davom ettirilmoqda.

Kasallik qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, inson salomatligi va turmush farovonligiga jiddiy putur yetkazadi. Shu bois, o‘z sog‘ligimizga bo‘lgan mas’uliyatni chuqur his qilgan holda, turli yuqumli va mavsumiy kasalliklardan ehtiyot bo‘laylik! Unutmang, kasallikni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal.

Sanepidxizmat

Matbuot xizmati

▶️@sanepidxizmat