logo

     Poytaxtimizda “Hyatt Regency” mehmonxonasida Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti, Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, O‘zbekiston gepatologlar uyushmasi tomonidan Prezidentimizning 2020 yil 12-noyabrdagi «Tibbiy profilaktika ishlari samaradorligini yanada oshirish orqali jamoat salomatligini ta'minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash va yuqumli kasalliklar tarqalishiga qarshi kurashish, aholi salomatligini saqlash, sanitariya-epidemiologik barqarorlikni ta'minlash va xalqaro tajriba almashish maqsadida Milliy Kongress bo‘lib o‘tdi.

     Yuqumli kasalliklar bo‘yicha shifokorlar, epidemiologlar, virusologlar va boshqa mutaxassislarning yuqumli kasalliklarga qarshi kurashishning dolzarb muammolarini hal etishdagi sa'y-harakatlarini birlashtirish, yuqumli kasalliklarni davolash va oldini olishning yangi yondashuvlarini ishlab chiqish, olimlarning xalqaro hamkorligini kengaytirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni baham ko‘rish kongressning bosh maqsadi bo‘ldi.

     Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vakillari hamda ilmiy va amaliy tibbiyot markazlari, tibbiyot akademiyasi, yuqumli kasalliklar klinikalari, poliklinika xizmati mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, shuningdek, Belarus', Germaniya, Hindiston, Italiya, Qozog‘iston, Rossiya, Janubiy Koreyadan taklif etilgan xorijiy mutaxassislar ishtirok etdi.

     Kongressni O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliev va Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti direktori Erkin Musabayev kirish so‘zi bilan ochdi.

       Kongress doirasida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha yalpi va seksiyali  sessiyalari o‘tkazildi:

 - Virusli gepatitlar va ularning asoratlari;

 - COVID-19ning dolzarb masalalari va ularning yechimi;

 - Respirator, yangi va qayta paydo bo‘ladigan virusli infeksiyalar;

 - Virusli va bakterial ichak infeksiyalari;

 - OIV – infeksiyasi.