logo

       Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutida O‘zbekistonga Misr Arab Respublikasining beg‘araz yordami – gepatit С virusiga qarshi dori vositalarining qabul qilinishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Sog‘liqni saqlash vazirligi ixtisoslashtirilgan markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Sayfutdinov Zayniddin Asamutdinovich, Misr Arab Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Amira Faxmi xonim, Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharq va Afrika bo‘limi boshlig‘i Ismatilla Fayzullayev, Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori Erkin Musabayev va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

      JSST ma’lumotiga ko‘ra, har yili dunyoda 200 million kishi gepatit C virusi bilan kasallanmoqda. 2020 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, har yili 350 mingdan ortiq bemor gepatit C asoratlari tufayli vafot etadi. Butunjahon gepatit alyansining 2021 yil iyuldagi ma’lumotlariga ko‘ra, gepatit B va C virusi sababli har yili 1,4 million odam vafot etadi. Bu esa  OIV/OITS va bezgakdan ko‘proq deganidir.

     Prezidentimizning 2022 yil 16 maydagi “Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida quyidagilar aholi orasida ayrim virusli infeksiyalarni o‘z vaqtida profilaktika va diagnostika qilish, ularni davolash bo‘yicha aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordamni yanada takomillashtirish va kengaytirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilangan:

— virusli gepatitlarning “В” va “С” turlarini erta aniqlash uchun respublikaning barcha hududlarida skrining tekshiruvlarini o‘tkazish va kasallikni davolash qamrovini oshirish;

— skrining tekshiruvlarida virusli gepatit “С” turi aniqlangan bemorlarni davolash jarayonida dori vositalari bilan bepul ta’minlash;

— sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inida virusli infeksiyalarni aniqlash uchun sarflov materiallari (reagent va test-to‘plamlari) bilan bosqichma-bosqich to‘liq ta’minlash;

— barcha davolash-profilaktika muassasalari, sanitariya-epidemiologiya xizmati hamda nodavlat tibbiyot tashkilotlarida jigar surunkali virusli kasalliklarining yagona elektron reyestrini yaratish va uni yuritish.

Respublikamizda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan hamkorlikda oilaviy poliklinikalarda bepul skrining jarayonlari davom etmoqda.

       Misr hukumati tomonidan beg‘araz yordam sifatida yuborilgan  gepatit С virusiga qarshi umumiy qiymati 302 ming AQSH dollariga teng 15 ming dona «Sofosbuvir» va 15 ming dona «Daklatasvir» (jami 30 ming dona) dorilar  Respublikamizda skrining tekshiruvlarida virusli gepatitning “С” turi aniqlangan bemorlarga bepul tarqatiladi.

    Tadbir so‘ngida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.

Ma’lumot uchun: Gepatit С aniqlangan bemorlar dori vositalari bilan bepul ta’minlanadi.

Sanepidxizmat

Matbuot xizmati

️@sanepidxizmat