• eye
Yangiliklar
time 30.09.2021
84
POLIOMIYELITDAN EMLANISH ORQALI XALOS BO‘LISH MUMKIN

Ma’lumki, o‘tgan asrning 80-90 yillarida Respublikamizda ham yosh bolalar orasida o‘tkir shol – poliomiyelit kasalligi qayd etilib, nafaqat tibbiyot xodimlari, farzandlariga bee’tiborlik bilan qaragan ayrim ota-onalarni ham o‘z sinovidan o‘tkazdi. Ayrim bolalar bir umrga majruh bo‘lib qoldilar.

 

Shu yerda “Nega? Bu o‘zi qanday kasallik?”, degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy. Bu haqida Namangan viloyat SEO va JSB immunoprofilaktika bo‘limi mudiri Sherzodbek Latibjonov quyidagilarni so‘zlab berdi.

– Poliomiyeliit - o‘tkir shol kasalligi bo‘lib, asab tizimi, ayniqsa, orqa miyani shikastlaydi. Asosan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarga bu kasallikning yuqish xavfi yuqori hisoblanadi.

Kasallikning yagona manbai xastalikning yengil yoki yashirin shakli bilan og‘rigan bemordir. Virus inson organizmiga shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilinmaganda, og‘iz orqali ya’ni iflos qo‘l, virus bilan zararlangan suv va oziq-ovqat mahsulotlari, meva va sabzavotlar tanovul qilinganda ba’zan havo-tomchi yo‘li orqali ham yuqadi.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, bu kasalikka qarshi kurashish borasida muhim qadamlar qo‘yildi. Prezidentimiz, Respublika Hukumatining qator qaror va farmonlari qabul qilindi. Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan milliy emlash kunlari, tozalov emlash kunlari   asosida aholini bu kasallikka qarshi emlash ishlari yuqori saviyada o‘tkazildi. Natijada Respublikada o‘tkir shol kasalligiga umuman barham berildi.

Bu natijalar JSST tomonidan yuqori baholandi. 2002 yilda O‘zbekiston Respublikasi qator taraqqiy etgan davlatlar qatorida JSSTning «Yovvoyi polio virusidan xalos bo‘lgan davlat» sertifikatiga sazovor bo‘ldi.

Lekin shuni ham unutmasligimiz kerakki, keyingi yillarda Respublikamizga qo‘shni bo‘lgan qator davlatlarda o‘tkir shol kasalligi bo‘yicha vaziyat birmuncha murakkablashdi va bu kasallikni bizning hududga kirib kelish havfi ortdi.

Respublika Bosh Davlat sanitariya vrachi tomonidan 2015 yil 6 aprelda tasdiqlangan 0239-07-sonli sanitariya qoida va me’yoridagi emlash kalendariga muvofiq farzandlarimiz 2, 3, 4 oylikda va 16 oylikda xamda 7 yoshda poliomiyelitga qarshi og‘iz orqali qabul qilishga mo‘ljallangan OPV vaksinasi bilan emlab kelinadi.

2018 yilning may oyidan boshlab esa IPV – inaktivlangan poliomiyelit vaksinasi bilan emlash boshlandi. Bu vaksina bolaning mushak orasiga bir martalik shprisda yuboriladi. IPV va OPV vaksinalari birga qo‘llanilganda bir qator immun reaksiyalarni hosil qiladi, bola organizmida poliomiyelitga qarshi kuchli himoyani ta’minlaydi.

IPV bilan emlash tadbirni muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun Namangan viloyatiga 120 000 ming doza inaktivlangan poliomiyelit vaksinasi  «sovuqlik  zanjiri» qoidalariga amal qilgan holda olib kelindi va joylarga yetkazildi. Bu kunlar mobaynida birgina viloyatimizning o‘zida 2016 va 2017 yillarda tug‘ilgan 4-5 yoshdagi 119 ming nafar bola poliomiyelitga qarshi emlanadi.

Ma’lumot uchun aytib o‘tishimiz kerakki, poliomelit kasalligi yurtimizda oxirgi marta 1995 yilda qayd etilgan. Mamlakatimizda ushbu o‘tkir shol kasalligiga qarshi faol epidemiologik nazorat o‘rnatilgan.  Dunyoning qator davlatlarida koronavirusga qarshi emlanishgagina e’tibor qaratilib, bu kasalikka nisbatan kurashish unutilayotgan bo‘lsada, bizda el sog‘lig‘ini o‘ylab zarur choralar ko‘rilmoqda. Emlash kunlari bu xastalikning qo‘shni va boshqa xorijiy davlatlardan kirib kelish xavfini bartaraf etish maqsadida tashkil qilinmoqda. Uni hududimizga kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik va yuqtirmaslikning yagona chorasi kasallikka qarshi emlash hisoblanadi.

Aziz ota-onalar! Emlash ishlari mamlakatimizning barcha shahar va tumanlaridagi hududiy poliklinika, qishloq oila poliklinikalari hamda qishloq vrachlik punktlarida malakali, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshirilmoqda.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi

xizmati Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

So'nggi yangiliklar
Tadbirlar taqvimi

Tadbirlar taqvimi

Dsh Ssh Chsh Psh Jm Shn Yak
Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma’muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Muammo haqida ma'murga xabar bering