• eye
Yangiliklar
time 02.04.2021
1066
XALQIMIZ SALOMATLIGI YO'LIDA

1-apreldan yurtimizda xalqimiz salomatligi yo'lida yana bir bosqich-koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash tadbirlari amalga oshirilmoqda. Respublikamiz xudularida emlash jarayonlari qizg'in kechmoqda.

XALQIMIZ SALOMATLIGI YO'LIDA

Fargʼona viloyati.
Fargʼona shahridagi yettita oilaviy poliklinikada koronavirusga qarshi ommaviy emlash tadbirlari boshlandi. Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan kontingent asosida birinchi bosqichda 65 yoshdan oshganlar va tibbiyot xodimlari emlanadi.
— Dastlabki kunda 70 nafardan ortiq shaxs emlanishi koʼzda tutilgan. Birinchi navbatda bemor shifokor koʼrigidan oʼtiladi, – deydi Fargʼona shahar tibbiyot birlashmasi boshligʼi Muhiddin Shokirov. — Аgar unda qarshi koʼrsatma aniqlansa, jarayon kechiktiriladi. Sogʼlom insonga vaktsina yuborilgandan, soʼng 30 daqiqa kuzatuv xonasida nazoratda boʼladi. Virusga qarshi emlanganlarning ahvolidan shifokorlar 3 kun mobaynida xabar olishadi. Birlamchi vaktsinatsiyani olgandan keyin, ikkinchi bosqich 12-24 kundan soʼng amalga oshiriladi.
Viloyat boʼyicha aholi elektron bazasi asosida qariyb 40 ming nafar shaxslar AstraZeneca vaktsinasini bilan emlanishi rejalashtirilgan. Soʼngra huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, maktab oʼqituvchilari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlari emlanishi koʼzda tutilgan.
– Koronavirus infektsiyasiga qarshi vaktsinani birinchilardan boʼlib koʼngilli ravishda oldim. Jarayon sanitariya-gigiena va xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda tashkil etilmoqda. Uning hech qanday nojoʼya taʼsirini sezmadim, – deydi 71 yoshli Аvazbek ota Аbdurahmonov.
Shuningdek, viloyat sogʼliqni saqlash boshqarmasi boshligʼi Husan Mamajonov hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati viloyat boshqarmasi boshligʼi Аhmadjon Yoqubovlar mazkur poliklinikda boʼlib, jarayon bilan yaqindan tanishdilar, vaktsina olayotgan fuqarolar bilan samimiy muloqot qilindi.
Eʼtiborlisi shundaki, Fargʼona viloyatida birinchilardan boʼlib koronavirusga qarshi vaktsina bilan Husan Mamajonov va Аhmadjon Yoqubovlar ham shu yerning oʼzida emlandi.
Maʼlumot uchun, ayni vaqtda Fargʼonaga 77 000 doza Oʼzbekiston–Xitoy hamkorligida ishlab chiqilgan ZF-UZ-VAC2001 vaktsinasi, shuningdek, 76 000 doza COVAX jamgʼarmasi tomonidan olib kelingan AstraZeneca vaktsinasi keltirilgan.

Namangan viloyati.
Namanganda ham koronavirusga qarshi vaktsinatsiyalash jarayoni Namangan shahridagi 14-oilaviy poliklinikada ilk emlash amalga oshirildi.
Maʼlumki, tibbiy tadbirning birinchi bosqichida viloyat boʼyicha 106 ming nafardan ziyod 65 va undan katta yoshdagi keksalarni vaktsinatsiyalash koʼzda tutilgan.
Maʼlumot uchun: Namangan viloyati boʼyicha 238 ta emlash punktlari tashkil etilgan. 293 ta emlash brigadasi va 54 ta mobil guruhlari ish olib boradi.

Toshkent shahri.
Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 47-sonli oilaviy poliklinikada emlash jarayonlari uyushqoqlik bilan tashkil etidi. Vaktsina qabul qilishga kelgan “Chaqar” mahallasida istiqomat qiladigan fuqarolarni tibbiyot xodimlari toʼliq tibbiy tekshiruvdan oʼtkazishga alohida eʼtibor qaratildi. Oʼz navbatida emlangandan soʼng vaktsina qabul qilganlarga amal qilishi zarur boʼlgan tavsiya va maslahatlar berildi. 
Uchta maxsus tayyorgarlikdan oʼtgan shifokor va hamshiralardan iborat brigadalar emlash tadbirlarini amalga oshirmoqda. Poliklinikaga kelish imkoniyati boʼlmagan bemorlar uchun maxsus mobil tibbiy yordam xizmati ham tashkil etilgan boʼlib, ular fuqarolarni uylariga borib vaktsinatsiya qilishmoqda.

Sirdaryo viloyati.
Guliston shahridagi Koʼp tarmoqli markaziy poliklinikada koronavirusga qarshi emlash jarayonining ilk bosqichi boshlandi.
Emlanayotgan fuqarolar avval koʼrik xonasiga kirib, sogʼligi toʼliq nazoratdan oʼtkazildi, keyin emlash xonasida koronavirusga qarshi emlash amalga oshirilib, keyingi – kuzatuv xonasiga olib kirildi.
– Oʼtgan yili koronavirus xastaligiga chalindim, – deydi "Bogʼishamol" mahallasida istiqomat qiluvchi 85 yoshli Kim Galina. – Yengil oʼtkazdim, shuning uchun uyda davolandim. Poliklinika shifokorlari sogʼligimni nazorat qilib turishdi. Virusga qarshi vaktsina olishga birinchilardan boʼlib keldim.
– Poliklinikamizda bir kunda 50 nafarga yaqin aholini emlash uchun sharoitimiz bor, – deydi Koʼp tarmoqli markaziy poliklinika bosh shifokori T.Ryuxina. – Hududimizda 4 mingdan ziyod 65 yoshdan yuqori boʼlgan aholi roʼyxatga olingan. Moneʼligi boʼlmagan, yaʼni isitma qilmayotgan, surunkali xastaligi xuruj qilmagan, allergik reaktsiya kuzatilmagan fuqarolargina emlanishi mumkin. Koʼrik xonasida har bir fuqaro toʼliq vrach nazoratidan oʼtgachgina emlash xonasiga olib kiriladi.
Аyni paytda viloyatda 96 ta emlash punktlari, 11 ta hududiy tuman (shahar) vaktsina saqlash omborxonalari, ulardagi sovutkichlar 3-4 tadan, elektrogeneratorlar, termosumkalar va termokonteynerlar shay holatga keltirilgan.
– Hozirda viloyatga 12 ming doza AstraZeneca va ZF-UZ-VAC2001 vaktsinasidan 15 ming 200 doza olib kelingan. Emlash bepul va ixtiyoriy ravishda olib boriladi, – deydi viloyat SEO va JSB immunoprofilaktika boʼlimi mudiri Gʼanisher Ochilov.
Emlangan fuqarolarning holati aʼlo darajada, fuqarolarning soʼziga koʼra davlatimiz rahbari hamda sogʼliqni saqlash tizimida faoliyat yuritayotgan kattayu kichik xodimlarga oʼz minnatdorchiligini bildirishmoqda.

Surxondaryo viloyati.
Termiz shahridagi yettita emlash punktida aholini COVID-19ga qarshi emlash ishlari boshlandi. Bepul va ixtiyoriy tarzda kechayotgan vaktsinatsiya tadbirlarida Surxondaryo viloyatiga AstraZeneca hamda Oʼzbekiston va Xitoy olimlari hamkorligida yaratilgan ZF-UZ-VAS2001 vaktsinalaridan foydalanilayotir. 
Dastlab, 65 yoshdan 74 yoshgacha, 75 yoshdan 84 yoshgacha, 85 yosh va undan yuqori boʼlgan vohadoshlarimiz emlanayotir. 
Emlash punktlarida fuqarolar qatʼiy osoyishtalik va belgilangan tartibda terapevt nazoratidan oʼtkazilgach, ixtiyoriy vaktsina tanloviga binoan mutaxassislarning tegishli xulosalariga koʼra emlanmoqda. Emlanganlar maxsus xonalarda oʼttiz daqiqa mobaynida nazorat qilinyapti.
– Davlatimiz tomonidan koʼrsatilayotgan gʼamxoʼrlikdan baxtiyorman. Men oʼzbek va xitoylik olimlar tomonidan yaratilgan vaktsinani tanladim va bepul emlandim, oʼzimni yaxshi his etayapman, poliklinikada barcha shart-sharoitlar mavjud ekan. Buning uchun mutasaddilarga rahmat aytaman, – deydi Termiz shahrida istiqomat qiluvchi 74 yashar Juma bobo Omonqulov.
Yigirma kunlik oraliq muddat bilan – AstraZeneca vaktsinasini qabul qilishni istagan shaxslar ikki marta, ZF-UZ-VAS2001 vaktsinasi bilan emlanishni ixtiyor etganlar esa uch marotaba emlanadi. 
Shuni qayd etish joizki, salomatligi tufayli emlash punktlariga kelolmaydigan fuqarolarning uylariga borib emlash ishlari ham amalga oshiriladi.
Dastlabki bosqichda oʼn mingdan ortiq vohadoshlarimiz emlanishi koʼzda tutilgan. Emlash ishlari davom etmoqda.

Vaktsinatsiya jarayonlari davom etmoqda.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va 
jamoat salomatligi xizmatining 
Jamoatchilik bilan aloqalar boʼlimi

So'nggi yangiliklar
Tadbirlar taqvimi

Tadbirlar taqvimi

Dsh Ssh Chsh Psh Jm Shn Yak
Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma’muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Muammo haqida ma'murga xabar bering